Texnologiya

Toshkent metropoliteni delegatsiyasi Xitoydagi NARINCO zavodiga tashrif buyurdi

Xitoy Xalq Respublikasidagi xizmat safari doirasida “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi hamda delegatsiyaning navbatdagi manzili Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayonining Baotou shahrida joylashgan NARINCO temirni qayta ishlash zavodi bo‘ldi.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) – “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayonining Baotou shahrida joylashgan NARINCO temirni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi.

NARINCO korxonasi temir va po‘lat mahsulotlari, temiryo‘l relslari, strelkali o‘tkazgichlar, yirik metall konstruksiyalar va sanoat ehtiyojlari uchun turli metall buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat majmuasidir.

Tashrif davomida delegatsiya korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, temirni qayta ishlash texnologiyalari va mahsulot ishlab chiqarishning to‘liq texnologik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, temiryo‘l relslari, strelkali o‘tkazgichlar (relsli o‘tkazgichlar), po‘lat quvurlar va boshqa metall mahsulotlarini ishlab chiqarish bosqichlari ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, korxonada ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimi, zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalar va markaziy boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishildi. Delegatsiyaga korxonadagi barcha ishlab chiqarish jarayonlarini yagona markazdan real vaqt rejimida kuzatish va boshqarish imkonini beruvchi ilg‘or boshqaruv paneli namoyish etildi.

Ushbu boshqaruv markazi sun’iy intellekt elementlari, raqamli monitoring va avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari asosida faoliyat yuritib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot sifatini ta’minlash va sanoat xavfsizligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Korxona mutaxassislari tomonidan ushbu boshqaruv markazi dunyodagi eng zamonaviy va yuqori texnologik boshqaruv tizimlaridan biri ekani, ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini yagona platforma orqali uzluksiz boshqarish imkoniyatiga egaligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tashrif yakunida tomonlar metallurgiya va temiryo‘l sanoatida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar, mahsulot sifati, innovatsion yechimlar va istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.

metallurgiyahamkorlikxitoytoshkent metropoliteninarinco zavoditemirni qayta ishlashtemiryo'l relslariavtomatlashtirilgan texnologiyalar