Mahalliy

Toshkent "Ispaniya – S5 + Ozarbayjon" forumiga tayyorgarlik ko'rmoqda

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Ispaniya Qirolligining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Toshkent "Ispaniya – S5 + Ozarbayjon" forumiga hozirlik ko'rmoqda

Toshkent, O'zbekiston (UzDaily.uz) —

O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi mutasaddilari Ispaniya Qirolligining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muzokaralar davomida joriy yilda poytaxtimizda o'tkazilishi rejalashtirilgan "Ispaniya–S5+Ozarbayjon" xalqaro forumiga tayyorgarlik ishlari va uni yuqori darajada tashkil etish bilan bog'liq tashkiliy masalalar atroflicha ko'rib chiqildi.

Ta'kidlanishicha, ushbu forum agrar sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, investorlar va ishbilarmon doiralar uchun yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatish, investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni jalb qilishda muhim platforma bo'lib xizmat qiladi.

Shuningdek, uchrashuvda qishloq xo'jaligi sohasiga ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish, suv tejovchi texnologiyalar, intensiv bog'dorchilik, oziq-ovqat sanoati hamda agrar ta'lim yo'nalishlarida Ispaniyaning ilg'or tajribasini o'rganishda mazkur forumning ahamiyati xususida fikr almashildi.

Tomonlar ushbu forum O'zbekiston va Ispaniya o'rtasida agrar sohadagi sheriklikni yanada mustahkamlash, qo'shma loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

uzbekistaninvestmentinternational cooperationinnovationspainazerbaijanagricultural forumagrotechnology