Siyosat

Tinchlik kengashi va Tramp Hamasni qurolsizlantirish bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi. Nimalar ma’lum?

Hamas G‘azodagi urushni to‘liq tugatish va qurollarni bosqichma-bosqich topshirishni o‘z ichiga olgan kelishuvga rozi bo‘ldi. Unga ko‘ra, Isroil ham sektordan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak. Biroq falastinliklar bunga shubha bilan qaramoqda.

Tinchlik kengashi va Tramp Xamasni qurolsizlantirish bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi: Tafsilotlar

AQSh prezidenti Donald Tramp 30-iyul kuni kechqurun Tinchlik kengashi va vositachi davlatlar sulhning keyingi bosqichi uchun yo‘l xaritasini yakunlaganini ma’lum qilganidan so‘ng, Xamasni qurolsizlantirish bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi.

Tramp o‘z bayonotida shunday yozdi: "Bugun Tinchlik kengashi Xamas va G‘azodagi barcha boshqa qurolli guruhlarni TO‘LIQ QUROLSIZLANTIRISh bo‘yicha TARIXIY kelishuvga erishdi. Bu barqaror TINChLIK va XAVFSIZLIK sari qo‘yilgan ulkan qadamdir."

Prezident Tramp kelishuv bosqichma-bosqich amalga oshirilishini va qurolsizlanish jarayoni rivojlangani sari Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra: "Kelishuv ehtiyotkorlik bilan tuzilgan bosqichlarda amalga oshiriladi. Qurolsizlanish yakunlangach, Isroil kuchlari olib chiqiladi va Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari …yangi Falastin politsiya kuchlari bilan birgalikda ishlaydi."

Al Jazeera xabariga ko‘ra, kelishuvning ikkinchi bosqichida Misr AQSh, Qatar va Turkiya vakillarini shartlarga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan muzokaralar uchun qabul qiladi.

**Qurolsizlanish bosqichlari:**

Qurolsizlanish rejasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

* Xamas qurollarini ro‘yxatga olish jadvali 14 kun ichida tayyorlanishi kerak. Muddatni uzaytirishga faqat xalqaro tekshiruv komissiyasi va barcha ishtirokchi tomonlar rozi bo‘lgandagina ruxsat beriladi.

* Falastin Milliy Qo‘mitasi xatlov va saqlash jarayonini nazorat qiladi hamda amalga oshiradi. U Falastin guruhlari ishtirokida G‘azoda qurollarni ushlab turuvchi, saqlovchi yoki nazorat qiluvchi yagona organga aylanadi.

* Isroilga yoki falastinlik bo‘lmagan boshqa tomonlarga hech qanday qurol topshirilmaydi.

* Xalqaro tekshiruv komissiyasi, xalqaro kuchlar va yangi Falastin politsiyasi Isroil qo‘shinlarining belgilangan chiziqlarga bosqichma-bosqich olib chiqilishi fonida qurolsizlanishni nazorat qiladi.

* Xatlov va saqlash dastlab og‘ir qurollar, harbiy ishlab chiqarish ob’yektlari, qurol omborlari va keng ko‘lamli tunnel tarmoqlariga qaratiladi.

* Bu jarayon bir nechta bosqichlarga, jumladan, Milliy Qo‘mitaning kirib kelishi va xalqaro kuchlarning joylashtirilishiga bog‘liq.

* Xalqaro kuchlar yangi Falastin politsiya xizmatini o‘qitadi, falastinliklar hamda ortga qaytayotgan Isroil qo‘shinlari o‘rtasida joylashadi va qurollarni hisobdan chiqarish jarayonini nazorat qiladi.

Nashrning rasmiylarga tayanib yozishicha, demilitarizatsiya jarayoni 200 dan 300 kungacha davom etishi mumkin. "Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini amerikalik general nazorat qiladi. Ammo bir qator davlatlardan jami 5000 nafarga yaqin kuchlarni jalb qilish bo‘yicha kafolatlar allaqachon mavjud."

**G‘azoni kimlar boshqaradi?**

Yo‘l xaritasi G‘azoning kundalik boshqaruvini Tinchlik kengashi nazorati ostida ishlaydigan texnokratik Falastinliklar qo‘mitasiga topshiradi. Taklif etilayotgan tuzilmaga quyidagilar kiradi:

* **G‘azo Tinchlik kengashi:** AQSh boshchiligidagi, Tramp umrbod raislik qiladigan xalqaro organ. U yuqori darajadagi strategiya, urushdan keyingi barqarorlashtirish va qayta tiklashni moliyalashtirish uchun mas’uldir.

* **Ta’sischi ijroiya Kengashi:** Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler boshchiligidagi yetti kishidan iborat guruh bo‘lib, u kun tartibini belgilaydi va kengash vazifalarini amalga oshiradi.

* **G‘azo ijroiya Kengashi:** Qayta tiklash ishlarini yo‘naltirish va mintaqaviy diplomatlar bilan muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan operativ organ.

* **G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy Qo‘mita:** G‘azo ichidagi fuqarolik ma’muriyati uchun mas’ul bo‘lgan texnokratlar qo‘mitasi.

* **Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari:** Yangi Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlash va xavfsizlikni ta’minlashga mo‘ljallangan ko‘p millatli kuchlar. Indoneziya ehtimoliy ishtirokchi sifatida tilga olingan, Marokash o‘qitish bo‘yicha yordam berishni va’da qilgan.

* **G‘azoning yangi politsiya kuchlari:** Xamas va Isroil qo‘shinlari bo‘shatgan hududlar nazoratini o‘z zimmasiga olishi kutilayotgan, mahalliy aholidan tuziladigan kuchlar. Xodimlarni qanday qilib ishga qabul qilish va tanlash masalasi so‘roq ostida qolmoqda.

**Isroil jim, Xamasning shartlari bor:**

Jarayon barcha tomonlar kelishuvni rasman qabul qilganidan keyin 14 kun o‘tgach boshlanishi belgilangan.

"Isroilliklar buni imzolagani haqida hali hech qanday tasdiq yo‘q. Ammo agar Isroil bitimdan voz kechsa, Donald Tramp bundan juda hafsalasi pir bo‘lishini bizga aytishdi," deydi Al Jazeera muxbiri.

Yuqorida qayd etilganidek, Xamasning qurolsizlanishi bevosita Isroilning G‘azodan chiqib ketishiga bog‘langan. Ya’ni har bir bosqich bir-biriga qaram. Binobarin, Isroilning o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni kechiktirishga qaratilgan har qanday urinishi yoki yangi shartlar qo‘yishi butun jarayonni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Xamasning muzokaralar delegatsiyasi a’zosi G‘oziy Hamad ham kelishuv Isroilning o‘z majburiyatlarini bajarishiga bog‘liq bo‘lishini aytdi. U nashrga bergan intervyusida: "Agar Isroil kuchlari kelishuv doirasidagi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, Xamas G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvining hech bir qadamini amalga oshirmaydi," dedi. U shuningdek, "Isroil qurolsizlanish masalasiga aralashmaydi va bu vazifani milliy qo‘mita amalga oshiradi," deb qo‘shimcha qildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, G‘azoda faoliyat yurituvchi, Xamas tarkibiga kirmaydigan turli qurolli guruhlar va jangarilar mavjud bo‘lib, ular ushbu kelishuvni buzishni xohlashlari mumkin. Va albatta, G‘azodan qo‘shinlarning olib chiqilishini ko‘rishni istamaydigan isroillik radikal siyosatchilar ham bo‘ladi. Ular Xamas qurol saqlamoqda degan turli da’volarni qilishadi.

**Umidvor falastinliklar:**

Ushbu e’lon Isroilning oldingi kelishuvlarga amal qilmagani sababli falastinliklarning unga nisbatan chuqur ishonchsizligi fonida yangramoqda.

AQSh vositachiligida 2025-yil 10-oktabrda G‘azoda kuchga kirgan "o‘t ochishni to‘xtatish rejimi"ni Isroil deyarli har kuni buzib kelmoqda. Sulh davrida IDF hujumlari kamida 1100 nafar falastinlikning hayotiga zomin bo‘ldi. Shuningdek, Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami kirishini cheklashda davom etdi, "Sariq chiziq" deb ataladigan hududni sektor bo‘ylab ichkariga kengaytirdi.

Falastinliklar esa har kuni Isroil hujumlaridan, qayta-qayta ko‘chirilishlardan, shuningdek oziq-ovqat, dori-darmon tanqisligidan aziyat chekishda davom etayotgan bir paytda, bu e’lon ham umid, ham shubha bilan kutib olindi.

"Haqiqat shuki, har kuni sektorning turli burchaklaridan ko‘plab qurbonlar haqida xabarlar kelmoqda. Oddiy falastinliklar uchun eng muhim savol shu: ular Tramp va boshqalarning bu xabarlari ta’sirini amalda qachon his qilishadi? Falastinliklar zo‘ravonlikning tugashini ko‘rishni xohlashadi. Ular erkin harakatlanib, aksariyati butunlay vayron bo‘lgan o‘z uylariga qaytishni istashmoqda," deydi Al Jazeera'ning G‘azo shahridan xabar beruvchi muxbiri Ibrohim al-Xaliliy. Falastinliklar ushbu urush haqiqatan ham o‘z nihoyasiga yetayotganini his qilishni xohlashadi.

sulh kelishuvidonald tramphamas qurolsizlantirilishig'azo boshqaruviisroil qo'shinlarini olib chiqishtinchlik kengashifalastin politsiyasixalqaro kuchlar