Mahalliy

Texnikumlarga qabul boshlandi

O‘zbekistonda 2026-2027 o‘quv yili uchun kamida umumiy o‘rta ma’lumot negizida texnikumlarga qabul boshlandi. Abituriyentlar kunduzgi, kechki va dual ta’lim shakllari bo‘yicha hujjatlarini 10-avgustdan 10 sentyabrgacha my.edu.uz platformasi orqali topshirishi mumkin.

Texnikumlarga hujjat topshirish jarayoni boshlandi.

11-sinfni tamomlagan fuqarolar kasbiy ta’lim muassasalarining boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlariga onlayn ariza topshirishlari mumkin.

Tibbiyot texnikumlarining kechki va dual ta’lim shakllariga, shuningdek, xalqaro ta’lim dasturlariga hujjatlar 10-sentyabrga qadar my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

Tibbiyot texnikumlarining kunduzgi bo‘limidagi mahalliy ta’lim dasturlariga kirishni xohlovchi abituriyentlar esa oliy ta’lim muassasalariga tanlov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida tegishli mutaxassislik va ta’lim tilini tanlab, tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.

Boshqa texnikumlarga kirish imtihonlari yozma shaklda o‘tkaziladi.

2026-2027 o‘quv yili uchun jami 641 ta texnikumga 134 960 ta qabul o‘rni ajratilgan bo‘lib, shundan 61 550 tasi davlat granti hisoblanadi.

Kunduzgi ta’lim shakli uchun 87 700 ta o‘rin ajratilgan, ularning 39 390 tasi davlat grantidir. Kechki ta’lim uchun 4 440 ta, dual ta’lim uchun esa 42 820 ta o‘rin belgilangan. Dual ta’limdagi o‘rinlarning 22 160 tasi davlat granti asosida taqdim etiladi.

Texnikumlar ro‘yxati bilan kasbedu.uz sayti orqali tanishish mumkin.

texnikumlarqabulkasbiy ta'limonlayn arizatibbiyot texnikumlarita'lim shakllariimtihonlardavlat granti