Telefonni taqiqlash savodxonlikni oshirmaydi — olimlar kutilmagan xulosaga keldi

**Telefonni taqiqlash savodxonlikni oshirmaydi — olimlar kutilmagan xulosaga keldi**
Dars paytida mobil telefonlardan foydalanishni cheklash savodxonlikni yaxshilashda samarasiz usul bo‘lishi mumkin. Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti psixologlarining "Behavioral Sciences" jurnalida chop etilgan yangi tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, asosiy omil qurilmaning sinfda turishi emas, balki uning egasi bo‘lishidir.
Olimlar 3 va 6-sinf o‘quvchilarida birinchi smartfonning paydo bo‘lishi bilan matnni tushunish bo‘yicha test natijalari o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligini aniqlashga harakat qildi. Bolalar partada o‘tirganda keladigan bildirishnomalarga chalg‘iydi, degan keng tarqalgan fikrga zid o‘laroq, ma’lumotlar boshqa holatni ko‘rsatdi.
Tadqiqotchilar Antilopa vodiysi davlat maktablari va Los-Anjeles okrugi cherkov maktablari o‘quvchilarini sinovdan o‘tkazdi. O‘quvchilar qisqa matnlarni o‘z gadjetlari yonida bo‘lgan holda ham, ularsiz ham o‘qidi. Natijalar statistik ahamiyatga ega qonuniyatni namoyon etdi. Shaxsiy telefoni bor bolalar, telefoni yo‘qlarga qaraganda, o‘qilgan matnni doimiy ravishda yomonroq tushunishini ko‘rsatdi. Bunda test paytida telefonning parta ustida yoki ko‘zdan uzoqda bo‘lgani natijaga hech qanday ta’sir qilmadi.
“Maktabga telefon olib kelgan bolalarning o‘qish natijalari o‘sha kuni maktabda telefoni bo‘lmagan bolalarniki bilan bir xil edi. Demak, aynan telefonning mulk sifatida mavjudligi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida o‘qilgan matnni tushunish darajasining pastligi bilan bog‘liq ekan”, deya izoh berdi tadqiqotning yetakchi muallifi, professor Patrisiya Grinfild.
Biroq tadqiqotchilar gadjetlardan erta foydalanishning yagona ijobiy jihati deb hisoblash mumkin bo‘lgan muhim bir istisnoni aniqladilar. Xonadonida ingliz tilida so‘zlashmaydigan (masalan, arab yoki ispan tilida) oilalarning farzandlari uchun yozishmalarni erta boshlash foydali bo‘lgan. Agar bunday o‘quvchilar ikkinchi yoki uchinchi sinfdayoq SMS yozishni boshlagan bo‘lsa, oltinchi sinfga kelib ularning inglizcha matnni o‘qish ko‘nikmalari umuman telefoni bo‘lmagan tengdoshlariniki bilan bir xil darajaga yetgan. Bu esa tilga moslashish jarayonida raqamli muloqot o‘qitish vositasi sifatida xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Mualliflarning qayd etishicha, boshlang‘ich sinflarda telefondan foydalanishni taqiqlash o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining birdaniga o‘sishiga olib kelishi amrimahol. Shunday bo‘lsa-da, bu taqiqlar boshqa, kam bo‘lmagan muhim sohada foyda keltirishi mumkin.
“Taqiqlar tengdoshlar va o‘qituvchilar bilan yuzma-yuz muloqotni ko‘paytirish orqali bolalarning ijtimoiy ko‘nikmalari va o‘zaro munosabatlarini yaxshilashi lozim”, deya xulosa qiladi mualliflar va gadjetlarning ijtimoiylashuvga ta’sirini yanada chuqurroq o‘rganish zarurligini ta’kidlaydilar.

