Dunyo

Tbilisida metro to‘xtadi: Gurjistonda yana keng ko‘lamli blekaut

Gurjistonda 5-avgust oqshomida keng ko‘lamli elektr ta’minotida uzilish sodir bo‘ldi. Blekaut oqibatida poytaxt Tbilisi va mamlakatning aksariyat hududlari elektr energiyasiz qoldi, temir yo‘l qatnovi to‘xtatildi, energetiklar esa hodisa sabablarini o‘rganishga kirishdi.

Tbilisida metro to‘xtadi: Gurjistonda yana keng ko‘lamli blekaut

5-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:15 atrofida Gurjiston bo‘ylab keng ko‘lamli elektr ta’minotida uzilish yuz berdi. Gurjiston Birinchi kanalining xabar berishicha, poytaxt Tbilisi va mamlakatning aksariyat hududlari elektr energiyasiz qolgan.

Elektr uzilishi oqibatida Gurjiston temiryo‘llari poyezdlari harakati vaqtincha to‘xtatildi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Tbilisidagi do‘konlar, restoranlar va metroda elektr o‘chgan. Ko‘plab kafe va savdo shoxobchalari ishni davom ettirish uchun generatorlardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Tbilisi Life Telegram-kanali Gurjiston Energetika va suv ta’minotini tartibga solish milliy komissiyasi a’zosi Georgiy Panganiga tayanib xabar berishicha, ushbu hodisa Inguri GES agregatlarida o‘tkazilayotgan rejali sinovlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Panganining ta’kidlashicha, sinovlarning maqsadi 24–25-iyul kunlari yuz bergan avariyalardan so‘ng energetika tizimidagi zaif nuqtalarni aniqlash va baholashdan iborat bo‘lgan. Hozirda yuz bergan nosozlikning aniq sabablarini aniqlash bo‘yicha batafsil tahlil olib borilmoqda.

Bu Gurjistonda so‘nggi ikki hafta ichida qayd etilgan uchinchi yirik blekaut hisoblanadi. Avvalroq, 25-iyul kuni Tbilisida metro harakati to‘xtab, suv ta’minoti va internet xizmatlarida ham uzilishlar kuzatilgan edi. Undan oldin, 24-iyul kuni Tbilisi bilan bir qatorda Batumi, Kutaisi, Telavi, Borjomi, Bakuriani va Zugdidi shaharlari ham elektr ta’minotisiz qolgan edi.

energy systempower outageelectricity supplyinfrastructure failureblackoutgeorgiainguri hpptbilisi metro