Iqtisodiyot

TBC Uzbekistan XMHS bo‘yicha 2026-yilning II choragi uchun moliyaviy natijalarini e’lon qildi

2026-yilning II choragida TBC Uzbekistan to‘lovlar hajmini yillik hisobda 45 foizga oshirib, 38,8 trln so‘mga yetkazdi. Kompaniya, shuningdek, kredit portfeli 10,48 trln so‘mgacha oshgani, biznes va jismoniy shaxslar uchun yangi yo‘nalishlar ishga tushirilganini ma’lum qildi.

TBC Uzbekistan 2026-yilning ikkinchi choragi uchun moliyaviy natijalarini e'lon qildi. London fond birjasida ro'yxatga olingan TBC Bank Group PLC tarkibiga kiruvchi va Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli moliyaviy ekotizimlardan biri bo'lgan TBC Uzbekistan 30-iyun holatiga ko'ra yakunlangan uch va olti oylik davr uchun Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) bo'yicha jamlangan natijalarini oshkor etdi.

2026-yilning ikkinchi choragida TBC Uzbekistan ekotizimining oylik faol foydalanuvchilari soni 5,8 million nafarga yetdi, bu biznesning barcha yo'nalishlarida barqaror o'sishni ko'rsatadi.

30-iyun holatiga ko'ra, 1,2 million dona TBC Salom debet kartasi va 212 ming dona TBC Osmon kredit kartasi muomalaga chiqarilgan. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 129% va 200% o'sishni anglatadi. Ikkinchi chorakda TBC Bank TBC Osmon kredit kartasini Mastercard platformasiga o'tkazib, mahsulotdan foydalanish qamrovi va qulayligini oshirdi. Hisobot davri yakuniga ko'ra, TBC Bankning umumiy depozit portfeli hajmi 6,594 trillion so'mdan oshdi, uning 5 foizini TBC Salom kartalarida saqlanayotgan mablag'lar tashkil etadi.

To'lovlar hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 45 foizga oshib, 38,8 trillion so'mga yetdi, bu O'zbekiston umumiy to'lov bozorining 20 foizdan ortig'ini tashkil etadi. Faol merchantlar soni esa birinchi chorakka nisbatan 13 foizga oshib, 23 600 taga yetdi.

2026-yilning ikkinchi choragida komissiya xarajatlari chegirilgandan keyingi komissiya daromadi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga oshib, 179,2 milliard so'mni tashkil etdi. Shu bilan birga, o'sish sur'ati tezlashdi: oldingi chorakka nisbatan komissiya daromadi 15 foizga o'sdi.

Birinchi yarim yillik yakunlariga ko'ra, kredit portfeli hajmi 10,481 trillion so'mga yetdi. TBC Bank chorak davomida O'zbekiston kredit kartalari bozoridagi yetakchi ishtirokchilardan biri sifatidagi o'rnini mustahkamladi, shuningdek, TBC Biznes yo'nalishi hamda POS kreditlash va muddatli to'lov xizmati ko'lamini kengaytirishda davom etdi.

2026-yil 30-iyun holatiga ko'ra, TBC Uzbekistan kredit portfelining 19 foizini biznes kreditlari, 13 foizini POS kreditlari va muddatli to'lov xizmati tashkil etdi. Kredit kartalari ulushi esa 10 foizgacha oshdi.

Hisobot davrida ham, undan keyingi vaqt mobaynida ham TBC Uzbekistan yangi mahsulotlarni ishga tushirish va strategik xaridlar orqali o'z takliflarini kengaytirishda davom etdi. Kompaniya mijozlar faolligini oshirish va daromad manbalarini diversifikatsiya qilish uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratadigan bir nechta yangi mahsulotni ishga tushirdi.

May oyida ekotizim kichik va o'rta biznes uchun garov asosidagi kredit mahsulotini ishga tushirish orqali TBC Biznes mahsulotlar qatorini kengaytirdi. Iyul oyida esa kompaniya TBC Biznes doirasida ish haqi loyihasini taqdim etdi.

Kompaniya, shuningdek, jismoniy shaxslar uchun garov asosidagi kreditlash bozoriga ham kirib, raqamli avtokredit mahsulotini taqdim etdi. Bu TBC Uzbekistan yil oxirigacha yo'lga qo'yishni rejalashtirayotgan avtomobil egalari uchun alohida yo'nalishni yaratish yo'lidagi ilk qadam bo'ldi.

24-iyul kuni TBC Group mamlakatning yetakchi onlayn e'lonlar platformalaridan biri — OLX Uzbekistan nazorat paketini sotib olish bo'yicha bitim muvaffaqiyatli yakunlanganini e'lon qildi. TBC Bank ma'lumotiga ko'ra, OLX Uzbekistan 5 milliondan ortiq faol foydalanuvchi va 2 milliondan ortiq faol e'longa ega bo'lib, O'zbekistondagi eng ko'p tashrif buyuriladigan o'nta saytdan biri hisoblanadi.

Mazkur bitim kompaniyaning biznesni diversifikatsiya qilish hamda ekotizimni moliyaviy xizmatlar doirasidan tashqariga kengaytirib, raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan yangi segmentlariga kirish strategiyasini amalga oshirishdagi muhim bosqich hisoblanadi. OLX Uzbekistan'ning xarid qilinishi platformaning o'zida moliyaviy va to'lov xizmatlarini taklif etish orqali foydalanuvchilar faolligini yanada oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, OLX Uzbekistan o'z brendini saqlab qolgan holda mustaqil va ochiq onlayn e'lonlar platformasi sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Hisobot davri yakunlanganidan so'ng, TBC Uzbekistan bir qator nufuzli xalqaro bank reytinglari tomonidan yuksak e'tirofga sazovor bo'ldi. Bu kompaniyaning Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli moliyaviy ekotizim sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqlaydi.

17-iyul kuni TBC Uzbekistan Euromoney Awards for Excellence mukofotining to'rtta yo'nalishida g'olib bo'ldi. 22-iyul kuni TBC Uzbekistan ketma-ket ikkinchi yil CNBC va Statista talqiniga ko'ra dunyoning yetakchi fintex kompaniyalari reytingidan o'rin oldi. Kompaniya ushbu reytingga ilk bor 2025-yilda kirgan bo'lib, O'zbekiston va umuman Markaziy Osiyodan mazkur ro'yxatga kiritilgan birinchi kompaniyaga aylangan edi.

Nika Kurdiani, TBC Uzbekistan bosh direktori: "TBC Uzbekistan uchun bu chorak muvaffaqiyatli bo'ldi: biz butun ekotizim bo'ylab barqaror o'sishni davom ettirdik, yangi mahsulotlarni ishga tushirdik, hisobot davri yakunlangach esa yangi muhim aktivlarni sotib olish bo'yicha bir nechta bitimni yakunladik. To'lov yechimlarimiz sezilarli o'sishni namoyon etdi: bozordagi umumiy ulushimiz 20 foizdan oshdi, flagman mahsulotimiz — TBC Salom debet kartasi esa ikki barobardan ko'proqqa o'sib, ekotizimimizga mijozlarni jalb qiluvchi asosiy mahsulot bo'lib qolmoqda. Shu bilan birga, kredit portfelimizni diversifikatsiya qilishni davom ettirdik. TBC Biznes ko'lamini kengaytirish va garov asosidagi kreditlash segmentidagi ishtirokimizni kuchaytirish hisobiga kichik va o'rta biznes yo'nalishidagi rivojlanish yanada jadallashadi. Ayni paytda portfelimizda tobora muhim o'rin egallab borayotgan TBC Osmon kredit kartalari yo'nalishini ham faol rivojlantirmoqdamiz. Shuningdek, OLX UZ'ning TBC Uzbekistan tarkibiga integratsiya qilinganini alohida ta'kidlamoqchiman. Biz birgalikda ishlashdan mamnunmiz va O'zbekistonda ham jismoniy shaxslar, ham biznes mijozlari uchun xizmatlarimizni yanada takomillashtirishda davom etamiz".

Ekotizim tarkibiga TBC Bank (mamlakatdagi eng yirik raqamli banklardan biri), Payme (ommabop to'lov xizmati), TBC Nasiya (jadal rivojlanayotgan bo'lib to'lash xizmati), TBC Sug'urta (raqamli sug'urta kompaniyasi) hamda BILLZ (chakana savdo uchun SaaS-platforma) kiradi.

financial resultstbc uzbekistanqdigital ecosystemolx uzbekistan acquisitionbanking awardsfintech rankingcredit portfolio