Superliga. “Nasaf” safarda “OKMK”ni mag‘lub etdi, “Surxon” esa Qo‘qondan 3 ochko bilan ortga qaytdi

Superliga: "Nasaf" safarda "OKMK"ni mag'lub etdi, "Surxon" esa Qo'qondan 3 ochko bilan qaytdi
Futbol bo'yicha O'zbekiston Superligasining 15-turidan o'rin olgan navbatdagi ikkita o'yin yakunlandi. Olmaliqda "OKMK" va "Nasaf" jamoalari o'rtasidagi bahsda qarshiliklar g'alaba qozongan bo'lsa, "Surxon" ham safarda "Qo'qon-1912"ni mag'lub etib, o'z hisobiga 3 ochko yozdirib qo'ydi.
"OKMK" — "Nasaf"
Olmaliqda bo'lib o'tgan uchrashuv mehmonlarning faolligi bilan boshlandi. O'yinning 8-daqiqasidayoq jamoa to'purari Bobur Abduxoliqov gol urib, qarshiliklarni hisobda oldinga olib chiqdi — 0:1.
Ikkinchi bo'limda ham ustunlikni qo'ldan boy bermagan "Nasaf" futbolchilari 61-daqiqada Sharof Muhiddinovning goli evaziga hisobdagi farqni oshirdi — 0:2. Mezbonlar bunga 70-daqiqada Avazbek O'lmasaliyevning aniq zarbasi bilan javob qaytarishga muvaffaq bo'ldi. Biroq o'yin yakuniga qadar boshqa gol kiritilmadi va qarshiliklar safarda muhim uch ochkoga ega chiqdi — 1:2.
O'zbekiston Superligasi, 15-tur
"OKMK" — "Nasaf" 1:2
Gollar: 0:1 — Bobur Abduxoliqov (8), 0:2 — Sharof Muhiddinov (61), 1:2 — Avazbek O'lmasaliyev (70)
"Qo'qon-1912" — "Surxon"
Turning yana bir uchrashuvi Qo'qonda bo'lib o'tdi. Unda mezbon "Qo'qon-1912" jamoasi Termizning "Surxon" klubini qabul qildi.
Uchrashuvning birinchi bo'limida darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. Ikkinchi taym boshida, aniqrog'i 51-daqiqada mehmonlar a'zosi Richard Fraydey raqib darvozasini ishg'ol qilib, termizliklarni hisobda oldinga olib chiqdi — 0:1. O'yin oxiriga qadar qolgan vaqt davomida mezbonlar vaziyatni o'zgartirishga harakat qilgan bo'lsa-da, hisob o'zgarmadi va "Surxon" safarda minimal hisobdagi g'alabani tantana qildi.
O'zbekiston Superligasi, 15-tur
"Qo'qon-1912" — "Surxon" 0:1
Gol: 0:1 — Richard Fraydey (51)

