Stenford olimlari sun’iy intellekt yordamida viruslar yaratdi

Stenford olimlari sun’iy intellekt yordamida viruslar yaratdi
Stenford universiteti tadqiqotchilari sun’iy intellekt (SI) modelidan foydalanib, ichak tayoqchasi (E. coli) bakteriyalarini yo‘q qilishga qodir yangi bakteriofaglarni yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda tajriba natijalariga tayanib, Stanford Report va The Guardian nashrlari xabar berdi.
Tadqiqot natijalari 6-avgust kuni Science ilmiy jurnalida chop etildi. Olimlar faglar dizaynida Evo 2 generativ SI modelidan foydalanishgan. Ushbu model murakkab biologik muammolarni hal qilish va yangi DNK ketma-ketliklarini taklif qilish imkoniyatiga ega.
Tadqiqotchilar ichak tayoqchasini zararlash xususiyatiga ega bo‘lgan FX174 bakteriofagini asos qilib olib, Evo 2 modeliga ushbu virusning yangi va samaraliroq variantlarini "generatsiya qilish" vazifasini berishdi. Natijada, sun’iy intellekt minglab potensial genomlarni yaratdi. Tadqiqotchilar ulardan laboratoriyada sintez qilish uchun 300 ga yaqinini tanlab olishdi. Ulardan atigi 16 tasi amalda samara berdi.
Biroq, ushbu faglar kombinatsiyasi ichak tayoqchasining ikki xil shtammiga qarshi samarali bo‘ldi. Yaratilgan faglar fanga ma’lum bo‘lgan barcha tabiiy faglardan tubdan farq qiladi.
Bu tajriba sun’iy intellektning to‘liq funksional virus genomlarini yarata olishini isbotladi. Ammo ushbu yondashuvni boshqa viruslarga nisbatan qo‘llash imkoniyati hozircha noma’lum. Bundan tashqari, tadqiqotchilar odamlar, hayvonlar yoki o‘simliklarni zararlashi mumkin bo‘lgan viruslar ustida bunday tajribalar o‘tkazmaslikka chaqirmoqda.
Evo 2 modelining o‘zi esa odamlar yoki hayvonlarga yuqishi mumkin bo‘lgan viruslarni chiqarib tashlagan holda, boshqa 2 million bakteriofagning genetik ma’lumotlari asosida o‘qitilgan.
SI yordamida "genomlarni loyihalash" yangi dori vositalarini yaratishga yordam berishi mumkin. Ammo bu tadqiqot bioxavfsizlik va biologik tahdidlardan himoyalanish kabi muhim masalalarni ham kun tartibiga qo‘yadi, deb yozmoqda The Guardian.
Garchi SI yordamida virus genomlarini yaratish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, buni nazorat qilish va undan xavfsiz foydalanish mexanizmlari hali yaratilmagan. Mutaxassislar insoniyat sun’iy intellektni boshqara olmay qolishidan xavotir bildirgan.

