So‘nggi 30 yilda qaysi davlatlar boyidi?
Jahon banki ma’lumotlari asosida tayyorlangan yangi infografika so‘nggi 30 yil ichida dunyo mamlakatlarining daromad darajasi qanday o‘zgarganini ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, Osiyo va Sharqiy Yevropadagi o‘nlab davlatlar yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan, Janubiy Amerikadagi Gayana esa eng keskin iqtisodiy o‘sishga erishgan davlatlardan biri bo‘lgan.

So‘nggi 30 yil ichida qaysi davlatlar boylik orttirdi?
Visual Capitalist tomonidan Jahon banki ma’lumotlari asosida tayyorlangan infografika 1995 va 2025-yillardagi mamlakatlarning milliy daromad darajasi bo‘yicha taqsimotini solishtirib, so‘nggi uch o‘n yillikda global iqtisodiy xaritaning sezilarli darajada o‘zgarganini ko‘rsatadi.
Jahon banki mamlakatlarni aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi milliy daromad (YaMD) asosida to‘rt toifaga ajratadi. 2025-yil uchun past daromadli mamlakatlar qatoriga aholi jon boshiga yiliga 1 175 dollargacha daromadga ega davlatlar kiritilgan. O‘rtadan past daromadli mamlakatlar uchun bu ko‘rsatkich 1 176–4 635 dollar, o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar uchun 4 636–14 375 dollar, yuqori daromadli mamlakatlar uchun esa 14 375 dollardan yuqori etib belgilangan.
Taqqoslash uchun, 1995-yilda mazkur chegaralar ancha past bo‘lgan. O‘shanda past daromadli mamlakatlar chegarasi 725 dollargacha, o‘rtadan past daromadlilar 726–2 895 dollar, o‘rtadan yuqori daromadlilar 2 896–8 955 dollar, yuqori daromadli mamlakatlar esa aholi jon boshiga 8 955 dollardan yuqori daromadga ega davlatlar sifatida tasniflangan.
Tahlilga ko‘ra, eng katta o‘zgarishlardan biri Sharqiy Yevropada kuzatilgan. Bozor islohotlari, Yevropa Ittifoqiga integratsiya, xorijiy investitsiyalar oqimi va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish natijasida mintaqadagi ko‘plab davlatlar yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga ko‘tarilgan.
Eng yirik iqtisodiy o‘sish esa Osiyoda qayd etilgan. So‘nggi 30 yil davomida qit’adagi 30 ta davlat Jahon banki tasnifida kamida bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan. Bu jarayonga eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosat, sanoat ishlab chiqarishining jadal rivojlanishi va yuqori texnologiyali tarmoqlarning o‘sishi turtki bo‘lgan. Shu bilan birga, Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi farovonlik darajasida hali ham katta tafovut saqlanib qolmoqda.
Eng yorqin misollardan biri Janubiy Amerikadagi Gayana bo‘ldi. Mamlakat 30 yil ichida past daromadli davlatlar toifasidan yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Mutaxassislar buning asosiy sababi sifatida dengiz hududidagi yirik neft konlarining o‘zlashtirilishini ko‘rsatmoqda. Yangi neft zaxiralarining ishga tushirilishi ishlab chiqarish hajmini, eksport tushumlarini va davlat byudjyeti daromadlarini keskin oshirgan. Natijada Gayana so‘nggi yillarda dunyodagi eng tez o‘suvchi iqtisodiyotlardan biriga aylanib, aholi daromadlari bo‘yicha jahon statistikasida eng katta sakrashlardan birini namoyon etdi.

