Siyosat

«Siz – mening prezidentim emassiz». 26 yoshli aktyor Putinga murojaat yo‘lladi

Uning videosi qisqa vaqtda bir yarim million martadan ortiq ko‘rildi.

**«Siz – mening prezidentim emassiz»: 26 yoshli aktyor Putinga murojaat yo‘lladi**

Sergey Bezrukov rahbarligidagi teatrda faoliyat yurituvchi 26 yoshli aktyor Aleksey Yarmushchik 28-iyul kuni ertalab o‘zining Instagram sahifasida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga yo‘llangan videoni e’lon qildi. Unda u Putinning o‘z prezidenti emasligini va Qrim «bizniki emas»ligini ta’kidlagan. Yarmushchikning ushbu videosi internetda tez tarqalib, ikki kun ichida bir yarim milliondan ortiq ko‘rilgan va 65 mingdan ziyod layk to‘plagan.

**U nimalar degan?**

Aktyor Putinga murojaatida shunday deydi: «Men hozir uxlay olmadim, men sizga aytmoqchiman: men har kuni, har tun siz bilan xayolan gaplashaman».

Yarmushchik so‘zida davom etib: «Men siz mening prezidentim bo‘lishingizni istamayman. Hech qachon. Men 25 yoshdaman (iyun oyida Yarmushchik 26 yoshga to‘lgan)! Sizdan qo‘rqmaydigan, siz prezidenti bo‘lishingizni istaydigan birorta tengdoshim yo‘q. Hozir o‘zim bilgan, internetda uchratgan barcha ijodkorlarni eslayapman. Birgina Shaman (Yaroslav Dronov, Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan qo‘shiqchi)! Barcha xorijiy agentlarga qarshi bitta Shaman», – deydi.

U yana bir bor Putin o‘zining prezidenti bo‘lishini xohlamasligini takrorlab, uni «butun hukumatni tarqatib yuborish»ga chaqiradi.

«Men siz mening prezidentim bo‘lishingizni istamayman. Butun hukumatni tarqatib yuboring! Televizoringizni ko‘rishni xohlamayman. O‘z qo‘shiqlarimni eshitishni xohlayman. Men «VK»dan foydalanishni xohlamayman, Instagramdan foydalanishni xohlayman, chunki u yaxshiroq. Ha, men zumerman, saylovlarga kam borganman, umuman siyosatga e’tibor bermaganman. Ammo 14 yoshga to‘lganimda, ingliz tili darsiga keldim va o‘qituvchim eng yaqin do‘sti bilan Qrim tufayli janjallashib qolganini aytdi... Men Qrimni bizniki deb hisoblamayman. Va bu qandaydir buyuk ibora emas. Birorta tengdoshim bunday deb o‘ylamaydi. Agar bir vaqtlar odamlar shunday deb hisoblagan bo‘lsalar, hozir... Nima deyishni ham bilmay qoldim. Instagram lentamdagilar, barcha tanishlarim yo ketishmoqda, yoki shokda, yoki shunchaki bu haqda gapirishmaydi. Sizni prezident sifatida yaxshi ko‘radigan va hurmat qiladigan bu odamlar qayerdaligini bilmayman. Siz – mening prezidentim emassiz. Aytmoqchi bo‘lgan gapim shu. Xayrli tun.»

**Ko‘p o‘tmay aktyor boshqa videosida «hukumatni yoqtirishi va Putinni hurmat qilishi»ni aytdi**

Bir necha soat o‘tib Aleksey Yarmushchik navbatdagi videoni e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi unga hech narsani tushunmasligini va Putin mamlakat uchun «ko‘p ish qilgani»ni aytgan. Shuningdek, odamlarning izohlarini o‘qib bergan, uning nuqtayi nazariga qo‘shilmaydigan bu odamlardagi «mehribonlik uni hayratga solgan».

«Odamlarning yaxshilik bilan yozishlari meni hayratda qoldirdi. Nihoyat, menga qarama-qarshi bo‘lgan odamlarni ko‘rdim. Lekin ular mehribon. Men juda hayajonlanyapman, yigitlar. Menimcha, men nimanidir to‘g‘ri qildim. <...> Men bu xalqni juda yaxshi ko‘raman, men allaqachon hukumatni ham yaxshi ko‘raman, men allaqachon Vladimir Vladimirovichni qandaydir... tushunasizmi... hurmat qilaman, chunki haqiqatan ham uni qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar bor. Hamma gap shunchaki gaplashishda. Shunchaki gaplashish. <...> Men shu mamlakatda tug‘ilganimdan faxrlanaman», – degan Yarmushchik.

«Ostorojno, novosti» uchun bergan intervyusida Yarmushchik birinchi videoni «axborot pufagini yorib chiqishga urinish» deb atagan. Shuningdek, oqibatlardan «albatta, cho‘chiyotgani»ni aytgan. «Men 26 yoshdaman. Tengdoshlarimning barchasi qo‘rqishadi. Putinning familiyasini tilga olgan yagona odamman. Boshqalar esa qandaydir qo‘rquvda», – degan u nashr jurnalistiga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu murojaatni yozishiga Rossiyada safarbarlikning yangi to‘lqini boshlanishi haqidagi mish-mishlar sabab bo‘lgan. «Mendek yosh yigit uchun, bu eng kuchli xavotirlardan biridir», – degan aktyor.

Aleksey Yarmushchik 2023-yilda Konstantin Raykin nomidagi Oliy sahna san’ati maktabini tamomlagan, shundan so‘ng Moskva oblast drama teatrida ishlay boshlagan, uning badiiy rahbari Sergey Bezrukov (So‘nggi ikki prezidentlik saylovida Vladimir Putinning ishonchli vakili) hisoblanadi. «Ostorojno, novosti» nashri yozishicha, 2026-yil iyun oyida Yarmushchik teatrdan bo‘shagan. U bunga ish haqi juda pastligi, aktyorlarni esa «mulk sifatida qabul qilishlari, ko‘pincha psixologik chegaralarni buzishlari va qadr-qimmatni kamsitishlari»ni sabab qilib keltirgan.

**Bonya va notanish harbiy ortidan**

Yarmushchikning Putinga murojaati so‘nggi bir necha oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birinchi murojaat emas.

Bu videolar prezident reytingi pasayishi fonida paydo bo‘lmoqda: joriy yil bahoridan boshlab Rossiyaning uchta asosiy sotsiologik xizmati (VsIOM, FOM va «Levada-markazi») Putinga bo‘lgan ishonch va ma’qullash darajasining pasayishini qayd etmoqda.

Aprel oyida Instagram yulduzi, Monakoda yashovchi Viktoriya Bonya Putinga murojaat qilib, rossiyaliklar undan qo‘rqishini aytgandi. U mamlakatdagi prezidentdan yashirilayotgan muammolarni sanab o‘tgandi. Bir hafta ichida video deyarli 30 million marta tomosha qilindi.

Kremlning rasmiy vakili Dmitriy Peskov o‘shanda Bonyaning ismini aytmagan holda, murojaatda ko‘tarilgan mavzular «haqiqatan ham juda shov-shuvli» ekanini, ammo bu muammolar bo‘yicha katta ishlar olib borilayotganini aytdi.

Kremlparast OAV va blogerlar, jumladan, teleboshlovchi Vladimir Solovyov Bonyani keskin tanqid qilib, uni sotqinlikda aybladi. Videomurojaat e’lon qilinganidan ikki hafta o‘tgach, Bonya Solovyovning efirida mehmon bo‘ldi va u yerda hukumat e’tiborsiz qoldirayotgan masalalarni qayta ko‘tarishga harakat qildi.

Iyun oyida Ukrainadagi urush qatnashchisi Aleksandr Lunin Putinga murojaat yozdi. Bungacha unchalik mashhur bo‘lmagan harbiy blogerning posti bir kunda 12 milliondan ortiq ko‘rildi. U armiyadagi muammolarni muhokama qilish uchun Putin bilan uchrashishni talab qilgan va isyon ko‘tarish bilan tahdid qilgan.

Shundan keyin Luninni ekstremistik yoki natsistik ramzlarni namoyish qilgani uchun 11 sutkaga hibsga olishdi. Ozodlikka chiqqanidan so‘ng u o‘z murojaatini o‘chirib tashladi, Putin bilan uchrashish g‘oyasidan voz kechdi va «maxsus harbiy amaliyot»ga (Rossiya hukumati Ukrainadagi urushni shunday ataydi) qaytish istagini bildirdi.

russiaukraine warsocial mediapublic opinionprotestcensorshipputinaleksey yarmushchik