Dunyo

Shifokorlar hali tug‘ilmagan chaqaloqni bachadonning o‘zida operatsiya qildi

**Shifokorlar hali tug‘ilmagan chaqaloqni bachadonning o‘zida operatsiya qildi**

AQSHda shifokorlar hali tug‘ilmagan chaqaloqning tug‘ma nuqsonini u bachadon ichida bo‘lgan vaqtida operatsiya qilib to‘g‘riladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bolaning onasi Meysi Sevij 26 haftalik homiladorligida AQSH shifokorlari tomonidan operatsiya qilingan. Hozirda uning o‘g‘li Teo besh oylik va yaxshi rivojlanmoqda. Homiladorlik paytida unga gastroshizis tashxisi qo‘yilgan edi. Bunday holatda kindik to‘g‘ri rivojlanmaydi, bu esa ichaklarning tana tashqarisida o‘sishiga olib keladi.

Shifokorlar onaning bachadonini qisman ochib, laparoskopik jarrohlik usuli yordamida chaqaloqning aʼzolarini ehtiyotkorlik bilan qorin bo‘shlig‘iga qaytarib joylashtirgan. Teo dunyoda ushbu turdagi operatsiya o‘tkazilgan uchinchi chaqaloq bo‘ldi. 29 yoshli Meysi va uning 36 yoshli eri Josh French (ikkalasi ham o‘qituvchi) operatsiya muvaffaqiyatli kechganidan xursandligini aytdi.

Teoda aniqlangan tug‘ma nuqson Buyuk Britaniyada har yili 3 000 chaqaloqdan birida uchraydi. Eng yengil holatlarda ham chaqaloqlar reanimatsiyada haftalab davolanishi, zond yoki tomchilatgich orqali oziqlantirilishi hamda boshqa operatsiyalarni boshdan kechirishi talab etiladi.

Teodagi kabi eng murakkab holatlarda esa chaqaloqlar intensiv terapiya bo‘limida 6 oygacha qolib ketishi, ko‘plab operatsiyalarni boshdan o‘tkazishi, ikki yilgacha tomchilatgich orqali oziqlantirilishi va hattoki ichak ko‘chirib o‘tkazilishiga muhtoj bo‘lishi mumkin. Hatto eng yuqori darajadagi tibbiy yordam ko‘rsatilgan taqdirda ham, har 10 chaqaloqdan biri vafot etadi. Teoning ota-onasi avvaliga homilada qandaydir muammo borligidan bexabar bo‘lgan.

Joshning aytishicha, Teoda gastroshizis borligini bilish ular uchun shok va “aql bovar qilmas darajada qo‘rqinchli” bo‘lgan. Homiladorlikning 24-haftasida Britaniya shifokorlari bo‘lajak ota-onani bolaning dastlabki olti oylik hayoti qanday kechishiga ruhiy jihatdan tayyorlagan. Biroq bolada murakkab gastroshizisning jiddiyroq shakli borligi aniqlangach, shifokorlar uni Xyustondagi kasalxonaga yo‘naltirgan.

U yerda jarrohlar guruhi tug‘uruqqacha bo‘lgan davrda murakkab gastroshizisni tuzatish bo‘yicha birinchi marta klinik sinov o‘tkazayotgandi. Sinovning klinik rahbari Belfort bundan avval bachadon ichidagi umurtqa pog‘onasi nuqsonida ham shunga o‘xshash jarrohlik amaliyotini qo‘llagan. Meysiga darhol Texasga jo‘nab ketishi va homiladorligining qolgan qismini o‘sha yerda o‘tkazishi kerakligi aytilgan.

Operatsiyaning bir qismi sifatida u dastlab Belgiyaning Lyuven kasalxonasiga borgan. U yerda Meysining bachadoni orqali Teoning qorin devoriga mushaklarni bo‘shashtiruvchi botoks inyeksiyasi yuborilgan. Keyin oila Texasga uchib ketgan va u yerda 2025-yilning noyabr oyida, homiladorlikning 26-haftasida operatsiya o‘tkazilgan. Meysida kesarcha kesish jarohatidan ikki baravar katta chandiq qolgan.

“Tiklanish jarayoni og‘ir kechdi. Lekin bu bunga loyiq edi” , deya operatsiyadan keyingi holatni eslaydi Meysi.

Operatsiya to‘liq muvaffaqiyatli o‘tgan va Teo fevral oyida Texasda tabiiy tug‘uruq orqali dunyoga kelgan.

bolalar salomatligihomila operatsiyasigastroshizistug'ma nuqsonbachadon ichidagi jarrohliktibbiy mo'jizaaqsh tibbiyotijarrohlik amaliyoti