Mahalliy

Samarqandda o‘z akasini miltiqda otib o‘ldirib qo‘ygan erkak 10 yilga qamaldi

Baliqchilik bilan shug‘ullanib kelgan aka-uka o‘z hovuzlari o‘rtasidan oqib o‘tgan zovur suvini olish masalasida janjallashib qolgan. Uka vagondan ov qurolini olib chiqib, akasining yuz qismiga qarata otgan. Sudlanuvchi aslida hovuziga qo‘ngan o‘rdakni otish uchun miltig‘ini olib chiqqanini, akasi bilan tortishgan vaqtida qurol otilib ketganini aytgan.

Samarqandda akasini miltiq bilan otib o‘ldirgan shaxs 10 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.

Kun.uz nashriga ma’lum bo‘lgan sud hujjatlariga ko‘ra, ushbu fojiali hodisa 12-fevral kuni Narpay tumanida yuz bergan.

1968-yilda tug‘ilgan A.S. va uning marhum akasi U.S. tumanning Mirzo Ulug‘bek massivida baliqchilik bilan shug‘ullangan. Ularning baliq hovuzlari yonma-yon joylashgan bo‘lib, o‘sha kuni zovur suvi ustida janjallashib qolishgan.

A.S. akasining zovur suvini o‘z hovuziga yo‘naltirayotganini ko‘rib, u bilan tortishgan. Shundan so‘ng, akasini o‘ldirish niyatida vagonda saqlab kelgan ov miltig‘ini olib chiqib, uning yuziga bir marta o‘q uzgan. Natijada aka og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.

**"O‘rdaklarni otmoqchi edim"**

Sudda A.S. aybiga qisman iqror bo‘lib, miltiqni hovuziga kelib qo‘ngan ikki o‘rdakni otish uchun olib chiqqanini ta’kidlagan.

Uning ko‘rsatmalariga ko‘ra: "Ertalab soat 6:00 larda turib, terak qalamchasini ekdim. So‘ng choy ichib o‘tirganimda ko‘lga ikkita o‘rdak qo‘ndi. Vagondan ov miltig‘imni olib chiqib, o‘rdaklarni otdim. Uning bittasi ko‘lga tushdi, ikkinchisi uchib ketdi. Uvat bo‘ylab borayotgan vaqtimda dup-dup etgan ovoz eshitildi. Qarasam, akam menga kelayotgan suvni ochib yuborayotgan ekan. Nega bunday qilayotganini so‘raganimda haqorat qilib, ketmon bilan urmoqchi bo‘ldi. Ketmonni qaytargan vaqtimda akam yoqamdan tortdi va shu payt miltiqning taxta qismi yerga tegib, otilib ketdi. U qo‘li bilan otilgan joyini ushladi, mendan kechirim so‘radi va yiqildi."

Shundan so‘ng, A.S. mahalla profilaktika inspektori oldiga borib, akasini otib qo‘yganini ma’lum qilgan.

**Jazo**

Ushbu holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Narpay tuman sudida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Sud hukmi bilan A.S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (qasddan odam o‘ldirish) sodir etishda aybdor deb topildi. Unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kun.uz ushbu jinoyat haqida avvalroq Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lumotiga asoslanib xabar bergan edi.

qotilliksamarqandjinoiy ishsudaka-ukamiltiqjazobaliqchilik