Rustem Umerov Ukraina tashqi razvedka xizmati rahbari boʻladi

Rustem Umerov Ukraina tashqi razvedka xizmatiga rahbarlik qiladi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerovni Tashqi razvedka xizmati rahbari lavozimiga tayinlash niyatida. Bu haqda "Ukrainskaya pravda" va "RBK-Ukraina" nashrlari manbalarga tayanib xabar berdi.
Ushbu maʼlumotni tez orada Zelenskiyning oʻzi ham tasdiqladi. Ukraina prezidentining soʻzlariga koʻra, Umerov "bir qator asosiy yoʻnalishlarni muvofiqlashtirish"ni davom ettiradi. Bularga AQSH va boshqa ittifoqchilar bilan hamkorlik, mudofaa, diplomatiya masalalari, urushni tugatish boʻyicha muzokaralar hamda dronlar yoʻnalishi kiradi.
Zelenskiy 17-iyul kuni Milliy xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida oʻzgarish boʻlishini eʼlon qilgan edi. U bu lavozimni sobiq ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoga taklif etgan. Oʻshanda Umerov Ukrainaning AQSHdagi elchisi lavozimiga nomzodlardan biri sifatida ham koʻrilgan.
Umerov 2025-yilning iyulida MXK kotibi etib tayinlangan edi. Ushbu lavozimda u AQSH va Rossiya bilan muzokaralarda Ukrainaning asosiy vakili sifatida ishtirok etgan. Bungacha esa Ukraina mudofaa vaziri lavozimida ishlagan. Ushbu faoliyati davomida u soʻnggi yillardagi Ukrainadagi eng shov-shuvli korrupsiya ishlaridan biri — "Energoatom" ishi boʻyicha guvoh sifatida soʻroq qilingandi.
Ukrainadagi soʻnggi harbiy kadrlar almashinuvi
Mamlakat mudofaa vaziri Mixail Fedorov 16-iyul kuni isteʼfoga chiqdi. U ushbu lavozimni 2026-yilning yanvar oyidan beri egallab kelayotgan edi. Maʼlumotlarga koʻra, u Ukraina Qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Aleksandr Sirskiy bilan oʻzaro ziddiyatda boʻlgan va ilgari Zelenskiydan uni lavozimidan ozod etishni soʻragan, biroq oʻshanda rad javobini olgan. Fedorovning isteʼfosidan soʻng Ukraina boʻylab norozilik namoyishlari avj olgandi.
22-iyul kuni prezident qarori bilan Sirskiy ham lavozimidan ozod etildi. Uning oʻrniga Ukraina Qurolli kuchlari quruqlikdagi qoʻshinlarining sobiq qoʻmondoni Mixail Drapatiy tayinlandi. Zelenskiy Fedorovga bir nechta muqobil lavozimlarni, jumladan, harbiy innovatsiyalar boʻyicha bosh vazir oʻrinbosari kursisini taklif qilgan. Biroq Mixail Fedorov faqat mudofaa vaziri lavozimiga qaytishga tayyorligini bildirmoqda.

