Rossiyaning 13 ta hududida migrantlar uchun “Amina” ilovasi majburiy bo‘ladi

Rossiyaning 13 ta hududida migrantlar uchun “Amina” ilovasi majburiy bo‘ladi
Rossiyaning yana 11 ta hududida chet el fuqarolari uchun “Amina” mobil ilovasini o‘rnatish majburiy qilinadi. Bu ilova migrantlarni biometrik nazorat qilish va ularning harakatini kuzatish uchun mo‘ljallangan. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin “TASS” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ilovadan foydalanish bo‘yicha qaror 2025-yil sentyabridan beri Moskva va Moskva viloyatida o‘tkazilgan tajriba natijalariga asoslanib qabul qilingan. Shu tariqa, ushbu ikki hududni hisobga olgan holda, “Amina” ilovasi majburiy bo‘ladigan hududlarning umumiy soni 13 taga yetadi.
“Amina” ilovasi vizasiz mamlakatlardan Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan chet el fuqarolarini raqamli nazorat qilish va migratsiya hisobini yuritish maqsadida ishlab chiqilgan. Uni O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukrainadan kelgan mehnat muhojirlari o‘rnatishi shart.
Ilova avtomatik ravishda geolokatsiya ma’lumotlarini Ichki ishlar vazirligiga (IIV) yuboradi va masofadan turib yashash joyi haqida xabar berish imkonini beradi. Shuningdek, u foydalanuvchining haqiqiy joylashuvini e’lon qilingan manzil bilan solishtiradi.
Agar ma’lumotlar uch ish kunidan ortiq vaqt davomida uzatilmasa, migrant yashash manzilini tasdiqlash yoki uning o‘zgargani haqida xabar berish iltimosi bilan xabarnoma oladi. Hisobga olish shartlariga rioya qilmaslik ro‘yxatdan chiqarishga va Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilishiga olib keladi.
“Agar unda (migrantda) bu dastur ishlamasa, migratsiya rejimi buzilgan deb hisoblaymiz va u chiqarib yuborilishi kerak. Shu tariqa uning barcha harakatlarini, kunduzi qayerda ishlayotgani va qayerdaligini, kechasi qayerda tunashini va harakatini bilamiz”, dedi Sobyanin.
Moskva merining so‘zlariga ko‘ra, tajriba doirasida Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) bilan birgalikda chegarada biometrik nazorat tizimi yaratilgan. Migrantlar chegarani kesib o‘tishda barmoq izlari va raqamli fotosurat qoldiradi, bu esa ularni keyinchalik identifikatsiya qilish imkonini beradi.
“Biz Moskvada migratsiya oqimlarini nazorat qilish sohasida tajriba o‘tkazish uchun prezidentning roziligini oldik. Bu nimani anglatadi? Mamlakatga kirishni nazorat qilish va mintaqa ichida harakatlanishni nazorat qilish. U yoki bu huquqbuzarlikni sodir etgan jinoyatchilarni qidirish”, dedi Sobyanin.
U tizimga Rossiya chegarasini kesib o‘tish huquqiga ega bo‘lmagan yoki qo‘lga olinishi kerak bo‘lgan huquqbuzarlar haqidagi barcha ma’lumotlar kiritilganini aytdi. Texnologiya barcha yirik transport uzellarida, birinchi navbatda aviatsiya uzellarida joriy etilmoqda.
2026-yil 1-sentyabrdan boshlab ilova nafaqat mehnat migrantlari, balki chet elliklarning boshqa toifalari uchun ham Moskva va Moskva viloyatida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning yagona usuli bo‘ladi.
Gap Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda 90 kalendar kundan ortiq muddatga keladiganlar haqida ketmoqda. Bularga Rossiya fuqarolari yoki Rossiyada yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan chet el fuqarolarining oila a’zolari, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YOII) fuqarolari oila a’zolari, shuningdek, Rossiya oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar kiradi.

