Mahalliy

Rossiyada terakt rejalashtirgan va Suriyaga ketishga uringan surxondaryolik 4 nafar yigit qamaldi

Rossiyada terakt sodir etishni rejalashtirgan va Suriyaga borishga uringan surxondaryolik to‘rt nafar yigit qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2003-yilda tug‘ilgan Sariosiyo tumani fuqarosi 2023-yilda ishlash maqsadida Rossiyaning Maxachqal’a shahriga boradi. U yerda u "Muhammad" laqabli mahalladoshi bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi videolarni tomosha qilib, yashirin guruh tuzadi. Keyinchalik ular o‘z safiga 2005-yilda tug‘ilgan yana bir yigitni jalb qilib, Suriyaga ketishni rejalashtirishadi. Buning uchun ulardan biri oila a’zolarining pulini ruxsatsiz olib chiqadi.

Ular Moskva—Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha Turkiyaga, u yerdan esa Suriyaga o‘tishni rejalashtirgan. Biroq Moskvaga yetib borgach, ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelib, ikki nafari ortga qaytadi. "Muhammad" esa Qozon shahrida qotillik sodir etib, Rossiya qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Guruhning 2005-yilda tug‘ilgan a’zosi O‘zbekistonga deportatsiya qilinib, sud hukmi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Shunga qaramay, guruh o‘z faoliyatini to‘xtatmagan. 1999 va 2001-yillarda tug‘ilgan yana ikki nafar sariosiyolik ularga qo‘shilib, terroristik tashkilotlar g‘oyalarini targ‘ib qilgan hamda Maxachqal’ada huquq-tartibot xodimlariga qarshi jinoiy harakatlar amalga oshirishni rejalashtirgan. Shuningdek, ular Sariosiyoda yashovchi, 2004-yilda tug‘ilgan fuqaroni ham o‘z saflariga qo‘shib olgan.

Tergov jarayonida ularning jinoyatlari o‘z isbotini topdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudi hukmiga ko‘ra, ushbu to‘rt nafar shaxs Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 8 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Avvalroq Falastinga ehson niqobi ostida terrorchilarni moliyalashtirgan 8 kishiga hukm o‘qilgandi. Ular Suriyada faoliyat yurituvchi "G‘uroba katibasi" terroristik tashkiloti bilan bog‘liq shaxsning hisob raqamlariga pul mablag‘lari o‘tkazib bergan.

uzbekistanrussiaterrorismsentencingsyriaarrestsradicalizationextremism