“Real Sanjik” ishi bo‘yicha navbatdagi apellyatsiya sudi 20-iyulda bo‘lib o‘tadi

“Real Sanjik” ishi bo‘yicha navbatdagi apellyatsiya sudi 20-iyulda o‘tkaziladi. Toshkent shahar sudi “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Unda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, sud advokat Oybek Ashurovning apellyatsiya shikoyati qabul qilinmagani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlandi. Sud axborotiga ko‘ra, Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi hozirda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq sud majlisi arafasida advokat Oybek Ashurov OAVga bergan izohida uning apellyatsiya shikoyati qabul qilinmagani sababli sud jarayoni boshqa kunga qoldirilganini ma’lum qilgan. Sudning aniqlik kiritishicha, o‘rganishlar davomida advokat hukm ustidan apellyatsiya shikoyatini avval aytilganidek 18-may kuni emas, balki 30-iyun kuni elektron shaklda tuman sudiga yuborgan. Bu vaqtga kelib shikoyat berish muddati o‘tgan bo‘lsa-da, hukm hali qonuniy kuchga kirmagani va ish sudlanuvchining boshqa advokatlari tomonidan o‘z vaqtida berilgan apellyatsiya shikoyatlari asosida apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilayotgani inobatga olinib, muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan. Natijada advokat boshqa himoyachilar qatori bugungi sud majlisida ishtirok etgan. Toshkent shahar sudi matbuot xizmati advokatlarning odil sudlovni amalga oshirishdagi o‘rni alohida ekanini ta’kidlab, ularni OAV orqali shaxsiy huquqiy pozitsiyasini aniq isbotlangan fakt sifatida taqdim etib, jamoatchilikni chalg‘itishdan tiyilishga chaqirdi. Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 20-iyul kuni davom ettiriladi. Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi 8-may kuni Sanjar Karimovni firibgarlik, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 410 BHM miqdorida jarima jazosi tayinlagan. Sanjar Karimov hukmdan norozi ekanini bildirgan va yuqori instansiyaga shikoyat qilgan.

