“Real” hujumchisi faoliyatini APLda davom ettirishi mumkin — AS

“Real” hujumchisi faoliyatini APLda davom ettirishi mumkin — AS
Ispaniyaning AS nashri xabariga ko‘ra, Angliyaning “Aston Villa” klubi Madridning “Real” va Braziliya terma jamoasi hujumchisi Endrikni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Manbaga ko‘ra, braziliyalik futbolchi doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida “Real”ni vaqtinchalik tark etish niyatida. Shu sababli, uning boshqa jamoaga o‘tishi ijara shartnomasi asosida amalga oshishi kutilmoqda.
Futbolchining o‘zi potensial xaridorlarga aniq talablar qo‘ygan: u asosiy tarkibning muhim o‘yinchisi bo‘lishni va nufuzli xalqaro turnirlarda, xususan, Chempionlar Ligasida ishtirok etishni istaydi. Qayd etilishicha, iqtidorli hujumchi atrofidagi vaziyatni Angliya klubidan tashqari Italiyaning “Roma” jamoasi ham diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Endrik 2025/2026-yilgi mavsumning ikkinchi yarmini ijara asosida Fransiyaning “Lion” klubida o‘tkazdi. Uning bu yerdagi ishtiroki ancha muvaffaqiyatli bo‘ldi: hujumchi barcha turnirlar doirasida 21 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 ta gol hamda 8 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Transfermarkt portali braziliyalik futbolchining bozor qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.

