Iqtisodiyot

Qurilish kompaniyalari 6 oyda 5,2 trln so‘mdan ortiq soliq to‘ladi

Bunda eng yirik 20 ta kompaniya ushbu soliq tushumlarining 21 foizini ta’minladi

Qurilish kompaniyalari olti oyda 5,2 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘ladi.

2026-yilning yanvaridan iyunigacha bo‘lgan davrda qurilish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar davlat budjetiga jami 5 trillion 210 milliard so‘m soliq to‘lagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sohada 33 425 ta yuridik shaxs faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning umumiy tovar aylanmasi 95,4 trillion so‘mni tashkil etgan, qo‘llanilgan soliq imtiyozlari hajmi esa 1 trillion 510,2 milliard so‘mga yetgan.

Eng ko‘p soliq to‘lagan 20 ta qurilish kompaniyasi tomonidan 1 trillion 94,5 milliard so‘m soliq to‘langan bo‘lib, bu soha bo‘yicha jami soliq tushumlarining 21 foizini tashkil etadi. Ushbu kompaniyalarning tovar aylanmasi 14,15 trillion so‘m, qo‘llanilgan soliq imtiyozlari esa 133,3 milliard so‘mni tashkil qildi.

Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, eng ko‘p soliq to‘lagan qurilish kompaniyalari ro‘yxatini "Discover Invest" MChJ 189,9 milliard so‘m bilan boshqargan. Keyingi o‘rinlarda "UET Construction" MChJ (189,3 milliard so‘m) va "To‘palang HPD Holding" MChJ (109,6 milliard so‘m) joylashgan.

Shuningdek, "Trest-12" AJ 63,1 milliard so‘m, "Agromir Buildings" MChJ esa 60,9 milliard so‘m soliq to‘lagan holda birinchi beshlikdan o‘rin olgan.

Qolgan yirik soliq to‘lovchilar qatorida "KOC Construction Mexanik Elektrik" MChJ XK, "O‘zshahar Qurilish Invest" MChJ, "Bir Inshaat" MChJ, "Gold Step Invest" va "Eco Greenland" MChJ kabi kompaniyalar ham qayd etilgan.

Eng yirik 20 ta qurilish kompaniyasi to‘lagan soliqlarning asosiy qismi qo‘shilgan qiymat solig‘i hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu turdagi tushum 434,1 milliard so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, foyda solig‘idan 274 milliard so‘m, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan 191,4 milliard so‘m, ijtimoiy soliqdan 174,7 milliard so‘m va boshqa soliqlar bo‘yicha 20,2 milliard so‘m budjetga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyul holatiga ko‘ra soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish sohasi korxonalari soni 1 494 tani tashkil etgani haqida xabar berilgandi.

soliq imtiyozlarisoliq qarziqurilish sohasisoliq tushumlarieng yirik soliq to'lovchilardiscover investuet constructionto'palang hpd holding