Texnologiya

Qozog‘istonda ilk bor yo‘lovchili uchuvchisiz taksi havoga ko‘tarildi

Qozog‘iston poytaxti Ostonada mamlakat tarixida ilk bor yo‘lovchili uchuvchisiz havo taksisi parvozi amalga oshirildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligi ma’lum qildi.

"Kelajak o‘yinlari — 2026" xalqaro turniri doirasida, shaharning maxsus ajratilgan hududida EH216-S rusumli vertikal uchib-qo‘nuvchi elektr apparati (eVTOL) namoyish parvozini o‘tkazdi. Bu sinov mamlakatda birinchi bo‘lib, uchuvchisiz yo‘lovchi tashish texnologiyalarining real sharoitlardagi imkoniyatlarini ko‘rsatdi.

EH216-S ikki kishini tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 130 km/soat tezlikka erisha oladi va uchuvchisiz 35 kilometrgacha masofani bosib o‘tadi.

Dastlabki bosqichda hukumat Qozog‘istonning tabiiy, madaniy va tarixiy diqqatga sazovor joylari uzra besh daqiqadan 30 daqiqagacha davom etadigan namoyish va sayyohlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Kelajakda bunday apparatlar shahar transport tizimining bir qismiga aylanib, mavjud harakatlanish turlarini to‘ldirishi mumkin.

Yo‘lovchi tashishdan tashqari, uchuvchisiz havo taksilaridan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmon yetkazib berish, qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini bajarish, yong‘inlarni o‘chirish va logistika vazifalarida foydalanish rejalashtirilmoqda.

"Loyihaning yana bir yo‘nalishi xalqaro hamkorlik doirasida Qozog‘istonda yo‘lovchi tashuvchi uchuvchisiz apparatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘ladi. Bu yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlari va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkonini berishi kutilmoqda", deyiladi xabarda.

Transport vazirligi shahar havo harakatlanishini joriy etish uchun me’yoriy-huquqiy baza shakllantirilganini ma’lum qildi. Mamlakatda eVTOL havo taksilaridan foydalanish, vertiportlar faoliyati va uchuvchisiz havo harakatini boshqarish tizimlarini tartibga soluvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgan. Bu yangi texnologiyalarning transport infratuzilmasiga xavfsiz integratsiyalashuvini ta’minlashi lozim.

May oyida Qozog‘istonning Olmaota viloyatida ilk bor eVTOL uchar taksisi sinovdan o‘tkazilgani xabar qilingandi. Ushbu sinov butun Markaziy Osiyo hududidagi birinchi tajriba hisoblanadi. Elektr energiyasida ishlaydigan aerotaksi tirbandlikni kamaytirish, sayyohlik obyektlarini bog‘lash va sayohat vaqtini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi.

O‘tgan yilning may oyida Eron mamlakatdagi birinchi havo taksisini rasman ishga tushirgandi. Havo taksisining birinchi reysi Keroj va Qazvin shaharlarini bog‘lab, muntazam qatnovlarning boshlanishi bo‘lgandi.

innovationair taxievtolurban air mobilitydronetechnologykazakhstantransport