Qoraqalpog‘istonda issiq tufayli bog‘chalar vaqtincha yopiladi

Qoraqalpog‘istonning qator hududlarida anomal issiq sababli davlat va xususiy bolalar bog‘chalari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Qoraqalpog‘istonda issiq sababli bolalar bog‘chalari vaqtincha yopiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istonning bir qator shahar va tumanlarida havo haroratining keskin oshishi kutilayotgani munosabati bilan davlat va xususiy bolalar bog‘chalari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlum qildi.

Vazirlikning taʼkidlashicha, ushbu qaror bolalar salomatligini anomal issiqdan himoya qilish va ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan. Maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari xulosalari va tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

Hokimlar qarorlariga ko‘ra, Nukus shahri va Xo‘jayli tumanida bolalar bog‘chalari 13 iyuldan 18 iyulgacha faoliyat yuritmaydi. Amudaryo tumanida esa ularning faoliyati 13 iyuldan 15 iyulgacha to‘xtatiladi. Beruniy, Taxtako‘pir, Shumanay, Mo‘ynoq, Qanliko‘l va To‘rtko‘l tumanlarida maktabgacha taʼlim muassasalari 13 iyuldan 17 iyulgacha yopiladi.

Vazirlik ota-onalarni bolalar salomatligiga alohida eʼtibor berishga, kunning eng issiq vaqtlarida ularning uzoq vaqt tashqarida bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslikka va zarur ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirdi.

Avvalroq O‘zgidromet 13–17 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga juda issiq havo massalari kirib kelishini maʼlum qilgan edi. Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, ayrim joylarda havo harorati +44…+46 darajagacha ko‘tarilishi, shuningdek, ayrim hududlarda chang to‘zonlari kuzatilishi mumkin.

issiq havobolalar bog‘chalarisalomatlikyopilisho‘zbekistonhavo haroratisanitariyaqoraqalpog‘iston