Qishloq xo‘jaligi sohasida qaysi davlatlar yetakchilik qilmoqda?
Jahonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5,2 trillion dollarga yetdi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlari asosida tuzilgan yangi reytingga ko‘ra, Xitoy ushbu sohada mutlaq yetakchi bo‘lib, dunyoda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uchdan bir qismidan ortig‘ini ta’minlamoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasida qaysi davlatlar yetakchilik qilmoqda?
Visual Capitalist infografikasiga ko‘ra, 2024-yilda Xitoy 1,9 trillion AQSh dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bilan jahon bozorida yetakchilik qilmoqda. Bu global qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy qiymatining 36 foizini tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, Xitoyning agrar iqtisodiyoti Hindiston, AQSh va Braziliyaning umumiy ishlab chiqarish hajmidan ham yuqori bo‘lib, bu davlatlar reytingda keyingi uch o‘rinni egallagan. Dunyoda 190 dan ortiq mamlakat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishiga qaramay, Xitoy, Hindiston, AQSh va Braziliya birgalikda jahon agrar mahsulotlari qiymatining qariyb 60 foizini ta’minlaydi.
Mutaxassislar bu holatni har bir mamlakatning o‘ziga xos rivojlanish modeli bilan izohlaydi. Xitoy va Hindiston ulkan ichki oziq-ovqat tizimlari orqali qariyb uch milliard aholini oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. AQSh esa yuqori texnologiyalar, mexanizatsiya va yuqori hosildorlik hisobiga yetakchi o‘rinlarni saqlab kelmoqda. Braziliya esa eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi siyosati orqali dunyodagi eng raqobatbardosh agrosanoat majmualaridan birini shakllantirgan.
Yevropada esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bir mamlakatda emas, balki bir nechta yirik iqtisodiyotlar o‘rtasida taqsimlangan. Mintaqada Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi bo‘yicha yetakchilik qiladi. Bu, avvalo, mamlakatning kuchli g‘allachilik tarmog‘i bilan izohlanadi. Rossiya bug‘doy eksporti bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab, arpa va kungaboqar moyi eksportchilari qatorida ham yetakchilardan biri hisoblanadi.
Fransiya, Germaniya, Italiya va Ispaniya esa asosan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar – sut mahsulotlari va zaytun moyi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tahlilchilarning qayd etishicha, jahonning eng yirik agrar davlatlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha raqobatlashayotgan bir paytda, Yevropa mamlakatlari qayta ishlangan oziq-ovqat va ichimliklar hamda yuqori daromad keltiruvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari segmentida o‘zining mustahkam o‘rnini saqlab qolmoqda.

