Siyosat

Qirg‘izistonda chaqiruv yoshidagilarning 70 foizi harbiy xizmatga yaroqsiz ekani aniqlandi

Qirg‘izistonda har yili chaqiruv yoshidagi yigitlarning 70 foizi harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilmoqda. Bu ma’lumot "Yoshlarni harbiy xizmatgacha tayyorlash tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi" loyihasida keltirilgan bo‘lib, u jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyiha mualliflarining fikricha, bu ko‘rsatkich aholining umumiy jismoniy salomatligi darajasi pasayganidan dalolat beradi. Shuningdek, Qurolli kuchlar va harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqa davlat organlarining harbiy tuzilmalarida o‘z joniga qasd qilish holatlari soni ortganligi qayd etilgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, respublikadagi fuqarolarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi yoshlarda vatanni himoya qilishni muqaddas burch deb bilish va harbiy xizmatga ijobiy munosabatni shakllantirish talablariga to‘liq javob bermayapti. Garchi yetarli huquqiy baza mavjud bo‘lsa-da, fuqarolarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yoshlarni Qirg‘iziston Qurolli kuchlarida xizmat qilishga tayyorlash bo‘yicha yagona tizim hali yaratilmagan.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablarining deyarli yarmida yoshlarni chaqiriqqa tayyorlash (YCHT) xonalari yo‘q. Mavjud YCHT xonalarining 80 foizdan ortig‘i esa to‘laqonli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur texnik va o‘quv vositalari bilan ta’minlanmagan.

Deyarli barcha umumta’lim maktablarida asosiy o‘quv qurollari yetishmaydi. Bularga kompyuterlar, printerlar, interaktiv doskalar, o‘quv qurollari, o‘quv granatalari, kompaslar, pnevmatik miltiqlar, gazniqoblar, umumharbiy himoya to‘plamlari, yomg‘irpo‘shlar, tibbiyot qutilari, zambillar, tibbiy sumkalar, YCHT bo‘yicha darsliklar, o‘quv plakatlari va boshqa anjomlar kiradi.

Aksariyat maktablarda o‘quvchilarga pnevmatik miltiqdan amaliy otish mashqlarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan tirlar ham mavjud emas. Avvalroq Estoniyada 2040-yilgacha ayollar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

educationkyrgyzstanmilitary serviceconscriptionmilitary trainingyouth fitnessnational defensepatriotism