Qamchibek Tashiyev hukm ustidan shikoyat qildi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev sudning unga nisbatan chiqargan hukmi yuzasidan shikoyat arizasi kiritdi. Bu haqda uning advokati Ikramidin Aytqulov “Sputnik” agentligiga ma’lum qildi.
“75 maktub” ishi bo‘yicha chiqarilgan hukm ustidan shikoyat Bishkek shahar sudiga taqdim etilgan. Himoya tomoni sudning qaroridan norozi bo‘lib, sobiq MXDQ rahbarini to‘liq oqlashni talab qilmoqda. Iyul oyida “75 maktub” ishi bo‘yicha hukm e’lon qilingan edi. Qamchibek Tashiyev hokimiyatni kuch bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilingan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan.
Shu bilan birga, sud Tashiyevga nisbatan uch yillik probatsiya nazoratini qo‘llagan. Natijada, Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi ozodlikdan mahrum etish jazosini amalda o‘tamaydi.
**“75 maktub” haqida**
Fevral oyida 75 nafar shaxs prezident Sadir Japarov va Jogorku Kenesh raisiga muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni so‘rab murojaat yo‘llagan edi. Ushbu murojaat mualliflari keyinchalik hibsga olinib, ayrimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Mazkur maktub ortidan Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilgan. O‘shanda prezident Sadir Japarov do‘sti Tashiyevning “75 maktub”ga aloqadorligini tergov va sud aniqlashini ta’kidlagan edi.
29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sudda Qamchibek Tashiyev prokurorlarni ayblovdan voz kechishga chaqirgan. Advokatlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, biroq prokuratura vakillari taklifga hech qanday munosabat bildirmagan. 2-iyul kuni esa sud hukm chiqargan. 16-iyul kuni Tashiyev prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘ymasligini va Qirg‘izistonning amaldagi prezidentini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

