Putin o‘tgan yili “halok bo‘lgan” havo-desant qo‘shinlari polkovnigi bilan telefon orqali suhbatlashdi

Putin o‘tgan yili "vafot etgan" deb hisoblangan havo-desant qo‘shinlari polkovnigi bilan telefon orqali muloqot qildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 6-avgust kuni 76-gvardiya desant-shturm diviziyasi qo‘mondoni, polkovnik Abdulaziz Shixabidov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ushbu suhbatning audioyozuvi "TASS" agentligi tomonidan e’lon qilindi.
Suhbat chog‘ida Shixabidov o‘z diviziyasi Donbassdagi Dobropole yo‘nalishida jangovar vazifalarni bajarayotganini ma’lum qildi.
E’tiborlisi, 2025-yil may oyida Shixabidovning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. U tug‘ilgan Dog‘istondagi bir nechta maktabda hatto uning xotirasiga bag‘ishlangan motam tadbirlari ham o‘tkazilgan. Bu haqda mahalliy nashrlarda foto va videolar tarqatilgan, keyinchalik ayrim materiallar o‘chirilgan.
Keyinroq polkovnikning o‘limi haqida ayrim Rossiya nashrlari va urushni qo‘llab-quvvatlovchi Z-blogerlar ham yozgan. Ular Shixabidov Moskvadagi Troyekurov qabristoniga dafn etilganini bildirgan, ammo uning qanday sharoitda halok bo‘lgani haqida ma’lumot keltirilmagan.
Shu bilan birga, Shixabidovning o‘limi rasman na tasdiqlangan, na rad etilgan. "Agentstvo" nashri uning shaxsiy hujjatlari, jumladan, pasporti hamon amal qilishini aniqlagan.
Shixabidov 2025-yil mart oyida Putin tomonidan 76-desant-shturm diviziyasi qo‘mondoni etib tayinlangan. Oradan ikki oy o‘tib, uning halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqala boshlagan.
76-gvardiya desant-shturm diviziyasi Rossiya-Ukraina urushi boshlangan dastlabki davrda Bucha hududida bo‘lgan. Jurnalistik surishtiruvlarda mazkur diviziyaning ayrim harbiy xizmatchilari Buchada tinch aholi o‘ldirilishi bilan bog‘liq epizodlarda tilga olingan.
So‘nggi vaqtlarda Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarni kuchaytirish va armiya tarkibini kengaytirish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilmoqda. Iyul oyida Putin Rossiya armiyasi sonini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, Reuters Kreml Ukrainadagi urushni kuchaytirish niyatida ekani haqida xabar bergan edi.

