Mahalliy

Prezidentning yangi qarori e’lon qilindi

Ushbu qaror chorvachilik sohasini rivojlantirish bilan bog‘liqdir.

Prezidentning yangi qarori bilan chorvachilik sohasiga subsidiyalar ajratilishi belgilandi.

Prezidentning 2026-yil 5-avgustdagi PQ–293-sonli “Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yil 1-yanvargacha Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan naslchilik xo‘jaliklariga identifikatsiya qilingan urg‘ochi nasldor qoramollarni o‘stirishga qoldirish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun har bir davrga alohida subsidiyalar ajratiladi:

- birinchi nasldor urg‘ochi buzoq uchun – 1,5 mln so‘m;

- ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq uchun – 2 mln so‘m;

- buzoq 12 oylikkacha saqlanganda – 1 mln so‘m;

- buzoq 12 oydan 18 oylikkacha saqlanganda – 1 mln so‘m.

Shuningdek, Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi muassisligida quyidagi vazifalarni bajaruvchi servis korxonasi tashkil etiladi:

- xorijiy davlatlarda chorvachilik loyihalarini amalga oshirish;

- xorijdan yirik va mayda shoxli qoramollarni chorvachilik xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga yetkazib berish, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun mamlakat hududida import karantini punktlari (zonalari)ni tashkil etish;

- chorva mollari yetkazib berilgandan so‘ng kamida 12 oy davomida oziqlantirish, veterinariya, sun’iy urug‘lantirish, naslchilik va zootexnik xizmatlarni o‘z ichiga olgan servis paketini taqdim etish.

davlat budjetichorvachiliknaslchiliksubsidiyalarprezident qaroriqoramolchilikagrar sohaservis korxonasi