Prezident va nomli davlat stipendiyalariga hujjatlar qabuli boshlandi

Prezident va nomli davlat stipendiyalariga hujjatlar qabuli boshlandi
1-avgustdan boshlab O‘zbekistonda Respublika nomli hamda Prezident davlat stipendiyalariga hujjatlar qabul qilish jarayoni start oldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Hujjatlar 15-avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi. Tanlovda oliy ta’lim muassasasining birinchi bosqich saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan iqtidorli bakalavriat talabalari ishtirok etishlari mumkin.
Prezident davlat stipendiyasiga nomzodlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari faqat “5” bahodan iborat bo‘lishi shart. Respublika nomli davlat stipendiyalarida esa “4” baholar ulushi 25 foizdan oshmasligi, “3” bahosi mavjud talabalar tanlovda ishtirok eta olmasligi belgilangan.
Nomzodlardan akademik ma’lumotnoma (transkript), dekanat va kafedra tavsiyanomasi, ilmiy yoki ijodiy ish rahbarining tavsiyanomasi, ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxalari, shuningdek, tarix hamda chet tillari bo‘yicha suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomalar talab etiladi.
Shuningdek, Prezident davlat stipendiyasiga hujjat topshirayotgan bakalavriat talabalari kamida ikkita e’lon qilingan ilmiy maqola, tezis yoki boshqa ilmiy-tadqiqot ishiga ega bo‘lishlari lozim.
Hukumatning 6-yanvar kungi qarori bilan 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Prezident va nomdor davlat stipendiyalariga nomzodlar uchun yangi saralash tartibi joriy etilgandi. Unga ko‘ra, talabgorlar Bilim va malakalarni baholash agentligida axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va chet tillari bo‘yicha maxsus test sinovlarini topshiradi. Testlardan o‘tish uchun maksimal ballning kamida 55 foizini to‘plash talab etiladi.

