Prezident Bekoboddagi kombinatda she’r o‘qigan metallurg qizni Zulfiya mukofoti bilan taqdirladi
“O‘zmetkombinat” mutaxassisi Dilnoza Primkulova O‘zbekiston prezidenti bilan Bekobodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda metallurglar mehnatiga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi. Shavkat Mirziyoyev istisno tariqasida unga Zulfiya nomidagi davlat mukofotini berishni taklif qildi va keyinroq tegishli farmonni imzoladi.

Prezident Bekoboddagi metallurgiya kombinatida she’r o‘qigan Dilnoza Primkulovani Zulfiya mukofoti bilan taqdirladi. “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” (“O‘zmetkombinat”) mutaxassisi Dilnoza Primkulova prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda metallurglar mehnati haqida yozgan she’rini o‘qib berganidan so‘ng, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Dilnoza Primkulova “O‘zmetkombinat”ning Bekoboddagi quyuv-prokatlash majmuasida faoliyat yuritadi. Prezidentning shaharga tashrifi chog‘ida u korxonada 1145 nafar yosh mutaxassis, shulardan 123 nafar qiz va ayol mehnat qilayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 71 nafar yosh mutaxassis Italiyadagi o‘quv markazlariga malaka oshirish uchun yuborilgan. Ular yangi uskunalarni boshqarishni o‘rganib, hozirda olingan bilimlarini ishlab chiqarishda qo‘llamoqda.
Primkulova, shuningdek, prezidentga issiq prokatlangan po‘lat listli rulonlar ishlab chiqaradigan majmua faoliyati haqida ham ma’lumot berdi. Bunday mahsulotlar avtomobilsozlik, vagonsozlik va boshqa sohalarda qo‘llaniladi.
Suhbat davomida u bolaligidan Zulfiya mukofoti laureati bo‘lishni orzu qilgani va she’rlar yozganini aytdi. Prezidentning tashrifi haqida bilgach, u she’r yozib, uni o‘qib berishga ruxsat so‘radi.
Olov bilan tillashar qo‘lim, Temirga jon beramiz har kun. Xizmatdamiz qad rostlayotgan, Har bir bino, inshoot uchun.
Yangilanib borar shaharlar, Yangilanib borar bo‘stonim. Temirdayin mustahkam mag‘rur, Gullayversin O‘zbekistonim.
Metallurglar — olov farzandi, Matonati — kuchi, orida. Mening ham o‘z hissam bor bugun, Shu vatanning poydevorida.
Dilnoza Primkulovaning chiqishidan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev istisno tariqasida uni Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlashni taklif qildi.
“Bugun mana shu Dilnoza qizimning ham metallurgiyada ishlab, ham shoir bo‘lganini inobatga olib, Sirojiddin (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov — tahr.)ga topshiriq beraman, istisno tariqasida Zulfiya mukofotini bersak nima deysizlar? Men mukofotga qo‘l qo‘yaman,” — dedi prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, og‘ir sanoat korxonasida 123 nafar qiz va ayol mehnat qilayotganiga e’tibor qaratdi.
“Buni juda katta jasorat desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Mana, shoirlarimiz o‘tiribdi, sizlarga ham ilhom berib, Dilnoza qizim to‘g‘risida she’rlar yozsangiz, juda minnatdor bo‘lardim. Men qo‘l qo‘ygan farmonni Abdullayev (“O‘zmetkombinat” bosh direktori Bahodir Abdullayev — tahr.) bilan birga topshirish marosimini o‘tkazamiz. Bu boshqa qizlarimga ham namuna bo‘ladi. Dilnoza qizim, sizni tabriklayman, jasoratingiz uchun rahmat,” — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident keyinroq tegishli farmonni imzoladi. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti Dilnoza Primkulovaga Toshkent viloyati hokimligida tantanali tarzda topshirildi.
Marosimda Senat raisi Tanzila Narbayeva, bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxanova, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dilnoza Primkulova ko‘rsatilgan ishonch uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi va ushbu mukofot

