Layfstayl

Portugaliyada salkam 40 yil sirkda ishlagan fil “nafaqaga chiqdi”

Portugaliyada qariyb 40 yil davomida sirkda faoliyat yuritgan fil "nafaqaga chiqdi".

Portugaliyada salkam 40 yil davomida arenada ishlagan Juli ismli fil nafaqaga chiqarildi. Uning yangi yashash joyi Alentejudagi "Pangea" qo‘riqxonasi bo‘ldi. Bu Yevropada "mehnatkash hayvonlar" uchun maxsus tashkil etilgan birinchi maskandir.

Juli 1980-yillarning oxirida Afrikada kichikligida tutib olinib, Portugaliyaga olib kelingan. Uning sirkdagi "faoliyati" 1988-yilda boshlangan. Hozir u nazorat ostidagi erkinlik sharoitida yashamoqda va yangi joyida ilk bor loyli vanna qabul qilishga ham ulgurdi.

2018-yilda mamlakat hukumati 2024-yilga kelib yovvoyi hayvonlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Shundan so‘ng, qo‘riqxona fil egasi bilan kelishib olguniga qadar Julining doimiy boshpanasi bo‘lmadi. Tayyorgarlik va tashish ishlari bir yarim yil vaqt oldi.

Uning "nafaqasi" qancha davom etishini aytish qiyin. Tabiatda fillar 70 yilgacha umr ko‘rsa, tutqunlikda odatda ikki baravar kam yashaydi.

Qo‘riqxona 400 gektar maydonni egallaydi va 20-35 ta filga mo‘ljallangan. U yerda barcha hayvonlar erkin kezishi, ozuqa izlashi va tabiiy muhitda shaxsiy parvarish bilan ta’minlanishi mumkin.

Yil oxirigacha Julining yoniga taxminan 40 yil avval yovvoyi tabiatda tutilgan yana bir urg‘ochi Afrika fili — Kariba kelib qo‘shiladi. Hozir u Belgiya hayvonot bog‘ida yolg‘iz yashamoqda.

animal welfareportugalelephant retirementcircus animalswildlife sanctuarypangea reservecaptivitywild animals