Siyosat

“Pedofilga tanosil kasali yuqtirishni istaganman” — Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni og‘riqli xotiralari bilan bo‘lishdi

Roza Gilles modellik orzusi ortidan Epshteyn tuzog‘iga tushib qolgan qizlardan biri edi. O‘shanda u atigi 18 yoshda bo‘lgan, Epshteynga aloqador modellik agentining taklifi bilan AQSHga kelgandi. Roza bungacha Osiyo agentliklari bilan muvaffaqiyatli karyera qurayotgandi. Biroq Amerika u o‘ylaganidek bo‘lib chiqmadi. O‘smir qisqa vaqt ichida minglab dollar qarzdor bo‘lib qoldi. Shunda Roza ortga qaytish haqida jiddiy o‘ylay boshladi. Biroq unga Palm Bich markazidagi ko‘p qavatli binoda qabulxona xodimi bo‘lib ishlash taklif qilindi. Bu jinsiy zo‘ravon Jeffri Epshteynning idorasi edi.

O‘sha vaqtlari Epshteyn voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb qilishda ayblangan, biroq sud unga nihoyatda yengil jazo tayinlagandi. Mahkama hukmiga ko‘ra, milliarder atigi 18 oyga qamalgandi. Bu ham yetmagandek, mahkum ishlash huquqini o‘zida saqlab qolgan. Ya’ni erta tongda qamoqxonadan chiqib, kunni o‘z idorasida o‘tkazgan. Kameraga esa faqat kechqurunlari tunash uchun qaytgan.

O‘zbekistonlik model qiz bilan bo‘lgan ilk holat esa uning o‘sha idorasida yuz bergan. Dam olish kuni Epshteyn Rozani yoniga chaqirib, oyoqlarini uzatgan va massaj qilishni so‘ragan. O‘shanda qizning ko‘zi jinoyatchini kuzatish uchun oyog‘iga taqilgan GPS brasletga tushib, ajablanadi. Buni ko‘rgan Epshteyn va uning yonidagi ayol kulib yuboradi. So‘ng jinsiy zo‘ravon qizga kiyimlarini yechishni buyuradi.

“Men qotib qoldim. Haligi ayol kelib, kiyimlarimni yecha boshladi. Keyin meni u bilan yolg‘iz qoldirib, xonadan chiqib ketdi”, deydi Gilles.

Jeffri Epshteyn Vest Palm Bich sudi mahkamasida Foto: Reuters

Epshteyn o‘sha kuni Gillesga shahvoniy tajovuz qiladi. Milliarder bunga o‘zi qo‘l urgan son-sanoqsiz jinoyatlarning biri sifatida yengil qaragan bo‘lsa ham, qiz uchun hammasi ostin-ustun bo‘lib ketgandi. Qolaversa, Epshteyn faqat shu kun bilan cheklanmadi, Rozaga nisbatan jinoyatkorona xatti-harakatlarini odatga aylantirdi. E’tiborlisi, sud pedofilga yuzaki jazo tayinlash bilan Gilles kabi qizlarning qurbon bo‘lishiga imkoniyat yaratib bergandi. Bu ham yetmagandek, guvohlar shu kabi jinoyatlar Palm Bich okrugi sherifining zobitlaridan biri joylashgan xona yaqinida sodir bo‘lgani haqida ko‘rsatma bergan.

“U mahkamaga tortilganda ham jinoyatlarini to‘xtatmadi. Xuddi shu ishni davom ettirardi. Unda hech qanday afsuslanish va pushaymon tuyg‘usi yo‘q edi. Menga nisbatan qilgan ishlari jonimni og‘ritib, eng katta jarohatni qoldirdi. Qanchalik harakat qilsam ham, men bundan hech qachon, hech qachon o‘zimga kela olmayman”, deydi Roza.

Shaxsini sir saqlash sharti bilan CNN telekanaliga intervyu bergan ikki ayol ham Roza Gillis aytganlarni tasdiqladi. Ular ham o‘zbekistonlik qiz tajovuzga uchragan xuddi o‘sha binoda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lishgan. Gap Epshteyn ilk bor sudlanishidan biroz avval, aniqroq aytganda, 2007-yilning noyabr oyida ochilgan Florida ilmiy jamg‘armasi haqida boryapti. U qog‘ozda maorif hamda ilmiy tadqiqotlarga grantlar ajratuvchi xayriya tashkiloti edi.

Roza Gilles CNN bilan suhbatda Foto: Videodan kadr

Ayollarning eslashicha, binoning 14-qavatida joylashgan bu idora mehmonlar va tashrif buyuruvchilar bilan gavjum bo‘lgan. Jabrlanuvchilardan birining ta’kidlashicha, idoraning har bir burchagida suhbatlarning tashqaridan tinglanishiga qarshi maxsus qurilmalar o‘rnatilgan. Epshteynning o‘zi esa idorasida o‘tadigan kunlari uchun o‘ziga xos rejim ishlab chiqqandi. Jinoyatchi tongni shirin kofe va kulcha bilan boshlagan. Shuningdek, qamoqxonada yaxshi uxlay olmaganidan shikoyat qilib, vaqti-vaqti bilan majlislar zalidagi yig‘ma matrasda mizg‘ib olgan.

Guvohlardan biri o‘zi ko‘rib qolgan g‘ayritabiiy bir holatni eslaydi: kunlarning birida Epshteynning oyog‘iga taqilgan GPS braslet signal berib qoladi. Shunda u moslamani qayta sozlash va aloqani tiklash uchun tashqariga shoshilinch yugurib chiqishga majbur bo‘ladi. Ammo bu jinoyatchi tartiblarga amal qilganini anglatmasdi. Qurbonlarga ko‘ra, Epshteynning bu davrdagi xatti-harakatlari va uyatsizligi chegaradan chiqib ketgandi. U Vest Palm Bichdagi uyida ham, idorasida ham qizlarga nisbatan jinsiy tajovuzlarni davom ettirgan. Holbuki, o‘sha vaqtlarda uni nazorat qilish uchun politsiya zobitlari biriktirilgandi.

Epshteyn idorasining kirish qismida har kuni ikki nafar navbatchi zobit o‘tirgan. Biroq guvohlik bergan ayollarning ta’kidlashicha, politsiyachilarning o‘zi jinoyatchidan hayiqib turishgan. Roza Gilles sherif zobiti sifatida kiyingan erkakka Epshteynning Vest Palm Bichdagi villasida duch kelgan. Qiz zobitni milliarderning oshxonasida ko‘rganini va unda umid paydo bo‘lganini ta’kidlaydi.

“Men o‘zimcha bularning barchasiga chek qo‘yiladigan kun keldi, deb o‘yladim”, deya o‘sha kungi voqealarni eslaydi Roza.

U zobitning Epshteyn bilan hazillashib, kulishayotganini kuzatdi. Politsiyachi ko‘p o‘tmay, jinoyatchiga xayrli kun tilab, Gillesga biror og‘iz ham gapirmasdan chiqib ketdi.

“O‘sha politsiyachining holatini ko‘rganimdan keyin men nima qilishingizdan qatʼiy nazar, bu odam hech qachon hibsga olinmasligini tushundim. Uni hech qachon to‘xtatib bo‘lmaydi va siz koinotning eng baland nuqtasidan turib hayqirsangiz ham, hech kimga buning qizig‘i bo‘lmaydi”, deydi Gilles.

U Epshteyn tuzog‘iga qanday tushdi?

Yuqorida ta’kidlanganidek, Gilles Osiyoda o‘z karyerasini muvaffaqiyatli qurayotgandi. Bu fransuz modellik agenti Jan-Luk Brunel 2008-yili O‘zbekistonda o‘tgan moda namoyishlarining birida uning yoniga kelguncha davom etdi. Brunel o‘zini Nyu Yorkdagi MC2 Model Management agentligining egasi sifatida tanishtirib, qizga shu joyning o‘zida shartnoma taklif qildi. Gilles ushbu kompaniyaning asosiy homiysi aynan Epshteyn bo‘lganidan keyinchalik xabar topadi.

Roza Gillesning MC2 agentligi uchun tushgan surati Foto: CNN

Rozaning ta’kidlashicha, MC2 bilan imzolangan shartnoma agentlikka qizning shaxsiy hayotini bilvosita nazorat qilish imkonini bergan. Kompaniya buni asosan qarz instrumenti orqali bajargan. Masalan, Gilles viza xarajatlari uchun 4 ming dollar, modellar gavjum yashaydigan Manxettendagi xonadon uchun esa har oy yana 1500 dollardan to‘lashi kerak edi. Qizning eslashicha, uning qarzi ota-onasi bir yilda ham topa olmaydigan darajada yiriklashib ketgan.

Qo‘shma Shtatlarga kelganidan bir oy o‘tib, “Amerika orzusi” u uchun qimmatlik qilayotganini tushunib yetdi. Gilles MC2 agentligining Mayamidagi idorasiga kelib, Brunelning qarshisida yig‘lab yuborganini eslaydi. O‘shanda u 10 ming dollar qarzga botganini, O‘zbekistonda qolgan oilasi esa qizning daromadlariga qarab qolganini ta’kidlaydi. Shu bois ortga qaytmoqchi ekanini aytadi. Biroq Brunel uni fikridan qaytarmoqchi bo‘ladi. Roza o‘sha kungi voqealarni quyidagicha tasvirlaydi.

Jan-Luk Brunel menga qarab, “Juda xafa ekaningni ko‘rib turibman, menga bir soniya ber”, dedi. So‘ng kimgadir qo‘ng‘iroq qildi va suhbatdan keyin go‘shakni qo‘yib, “Men hammasini hal qildim. Ota-onangga hozirgina 600 dollar yubordim”, dedi.

Oradan qisqa vaqt o‘tib, qizni hayratdan yoqa ushlashga majbur qilgan voqea sodir bo‘ldi. Rozaning eslashicha, o‘sha paytning o‘zida kimdir haqiqatdan ham uning O‘zbekistondagi oilasiga 600 dollar topshirib ketgandi. Bu pedofilning mamlakat bo‘ylab keng yoyilgan jinoiy kuryerlar tarmog‘iga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

“Men o‘zimcha ko‘z o‘ngimda nimalar sodir bo‘lgani haqida o‘yladim. U kimga qo‘ng‘iroq qilganini bilmasdim. U o‘sha yerga (O‘zbekistonga-tah.) borib qolgan amerikalik do‘sti bilan bog‘landimi yoki hukumatdan kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, ular tashlab ketishdimi, tushuna olmasdim”, deya eslaydi u.

Xuddi shu kuni u agentlikning, jumladan, Epshteynning “marhamatiga” to‘liq qaram bo‘lib qolganini tushundi. 2009-yil yozida Gillesni fotosessiya o‘tkazish bahonasi bilan Epshteynning villasiga chaqirishdi. Qiz shundan so‘ng Mayamiga biryo‘la ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Milliarder unga hafta davomida modellik qilishni, dam olish kunlari uning idorasida ishlashni taklif qildi. Qiz avvaliga bundan ajablangan bo‘lsa ham, qarzlaridan qutulish uchun rozi bo‘ldi.

“Modellik uchun men kastinglarga borishim, portfoliomni shakllantirishim va boshqa turli ishlarni qilishim kerak. Lekin siz menga idorada ishlashni taklif qilyapsiz. Bu mening modellik faoliyatimga qanday yordam berishi mumkinligini tushunmayapman”, degan edi u Epshteynga.

Qizning eslashicha, jinoyatchi unga Florida ilmiy jamg‘armasida ilk bor tajovuz qilganidan so‘ng Vest Palm Bichdagi villasida ham shilqimlik qilgan, nomusga tegish jinoyatlarini davom ettirgan. Roza, shuningdek, o‘zi kabi tahqirlashlarga duch kelgan boshqa qizlar ham bo‘lganini aytadi.

“Ular ham muhojirlar edi. Rus tilida urg‘u bilan gapirishardi. Ular bilan ham xuddi shu narsa sodir bo‘layotgan edi”, deya eslaydi u.

Oradan bir necha yil o‘tib, Gillesning modellikda ishlari yurisha boshlaydi. Natijada moliyaviy mustaqillikka erishib, Epshteyn orbitasidan chiqib ketadi. Qiz Amerikaning O‘rta G‘arb hududiga ko‘chib, bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Pet bilan uchrashadi. Hozir u fitnes murabbiyi va trener sifatida o‘zi uchun yangi sohani kashf etgan. Xulosa qilib aytganda, oilaning hayoti bir maromda davom etayotgandi. Ammo rasmiylar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xato barchasini o‘zgartirib yubordi.

Roza Gilles turmush o‘rtog‘i bilan Foto: Instagram

Gilles yaqin vaqtgacha o‘zining bu qorong‘i o‘tmishini barchada, hatto ota-onasidan ham yashirib kelgan edi. Biroq AQSH Adliya departamenti Epshteyn ishiga aloqador hujjatlarni e’lon qildi. Hujjatlar orasida Roza va jinoyatchi o‘rtasidagi ko‘p yillik yozishmalar ham bor edi. Rasmiylar uning ismini yashirishni unutishgandi.

“Bu mening aytib berishim kerak bo‘lgan hikoyam edi. Biroq uni birov o‘qib xabar topishini xohlamagan edim”, deydi u.

Roza Epshteyn uning uning ruhiy dunyosiga qanday ta’sir qilganini ifodalash uchun o‘sha vaqtlari o‘zi boshdan kechirgan holatni eslaydi:

Nyu York ko‘chalari bo‘ylab yurib, tanosil kasalligini yuqtirmoqchi edim. Maqsad uni pedofilga yuqtirib, o‘ldirish edi. Chunki davlat Epshteynni to‘xtatishiga ishonmasdim. Alamlisi, uni to‘xtatish mening ishim emasdi.

Roza Gilles Epshteyn fayllari ochiqlanganidan ko‘p o‘tmay, jamoatchilik e’tiboriga tushdi. U joriy yilning 12-may kuni AQSH Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etib, ko‘rsatma berdi.

Roza Gilles AQSH vakillar palatasida Foto: Getty Images

Sharmandali kelishuv

Gilles hamda Epshteyndan jabr ko‘rgan boshqa guvohlarning holati jinoyatchiga nisbatan chiqarilgan hukm nechog‘lik adolatsiz bo‘lganini yana bir bor ko‘rsatdi. U 13 oy davom etgan yengil jazo davomida ham o‘z zo‘ravonliklarini to‘xtatmadi. Bunga 2008-yili Epshteyn va Florida janubiy okrugi bo‘yicha sobiq bosh prokuror Aleks Akosta o‘rtasida tuzilgan bahsli kelishuv sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, FQB hamda mahalliy politsiya 2005-yildan so‘ng Epshteynga qarshi o‘nlab voyaga yetmagan qizlarni jinsiy qullikka va fohishalikka jalb qilish bo‘yicha ish ochgan edi. Huquq-tartibot idoralari to‘plagan dalillar jinoyatchini umrbod qamoq jazosiga hukm qilish uchun yetarli edi. Biroq federal prokuratura barcha og‘ir federal ayblovlarni bekor qilib, uning faqat shtat darajasidagi yengilroq moddalar bo‘yicha aybini tan olishiga rozi bo‘ldi. Natijada Epshteyn atigi 18 oylik qamoq jazosini oldi. Imtiyozlar sabab shuni ham amalda bor-yo‘g‘i 13 oyini o‘tadi.

Ushbu shubhali shartnoma jamoatchilikni larzaga solgan shartlar bilan to‘la edi. Uning eng aqlga sig‘mas jihati shuki, mahkumga haftasiga 6 kun, kuniga 12 soatgacha qamoqxonadan tashqarida bo‘lish, ya’ni o‘z idorasida “ishlash” huquqi berilgan. Qamoqxona esa faqat kechasi tunaydigan joy sifatida xizmat qilgan. Epshteynga berilgan ayni shu imtiyoz, yuqorida ta’kidlanganidek, Roza va u kabi qizlarning zo‘ravonlik tuzog‘iga tushishiga sabab bo‘lgan. Qolaversa, kelishuv jabrlanganlar va ularning advokatlaridan mutlaqo yashirincha imzolangan.

Bu ham yetmagandek, bitimga muvofiq Epshteyning jinoiy sheriklari, jumladan, sobiq sevgilisi va sherigi Gislain Maksvell kelgusida federal javobgarlikka tortilishdan himoya qiluvchi yuridik immunitet bilan taʼminlangan. Epshteynning advokatlari Palm Bich okrugi sherifi idorasi bilan alohida kelishuv tuzgan. Hujjatga ko‘ra, jinoyatchi ochiqlikda bo‘lgan payti uning idorasiga kelgan har bir tashrif buyuruvchini ro‘yxatga olish uchun maxsus navbatchi xodimlar yollangan. Florida huquqni muhofaza qilish departamenti hisobotiga ko‘ra, Epshteynning advokati bu maqsad uchun sherif idorasiga jami 128 136 dollar to‘lagan.

Foto: EPA

Epshteynga nisbatan yangi ayblovlar e’lon qilingan 2019-yili sobiq prokuror Aleks Akosta Trampning birinchi maʼmuriyatida Mehnat vaziri edi. Jamoatchilik bosimi ortidan u isteʼfoga chiqdi. AQSH Adliya vazirligi 2020-yili tekshiruv o‘tkazib, Akosta 2008-yilgi bitim bo‘yicha “yomon mulohaza” yuritgani haqida xulosa berdi. U, xususan, Epshteyn qurbonlariga federal ayblovlar olib tashlangani haqida xabar qilmagandi. Shunga qaramay, tekshiruv Akosta yoki boshqa prokurorlar kasbiy qoidabuzarlik sodir etmagani haqida xulosaga keldi.

2019-yil 10-avgust kuni Jeffri Epshteyn qamoqxona kamerasidan o‘lik holda topildi. 2022-yilning 19-fevralida esa Jan-Luk Brunel Parij qamoqxonasida xuddi shu qismatga uchradi. Epshteynning shubhali vafotidan to‘rt oy o‘tib, Palm Bich okrugi sherifi idorasi jinoyatchiga qamoqni mehmonxonaga aylantirish imkonini bergan “ishga chiqib kelish” dasturini rasman tugatdi.

sexual exploitationroza gillesvictim testimonylegal system failuremodeling industry abuseghislaine maxwelljean-luc bruneljeffrey epstein