Mahalliy

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari iyun oyidagi pasayshdan so‘ng qisman tiklandi

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari iyulda 590 mln dollarga ko‘payib, 64,35 mlrd dollarga yetdi. Oltinning fizik hajmi salkam tonnaga kamayganiga qaramay, kotirovkalar oshishi hisobiga qiymati $365 mlnga o‘sdi. Markaziy bank zaxiralardagi qimmatli qog‘ozlar portfelini deyarli 40 foizga qisqartirdi.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari iyun oyidagi pasayishdan keyin qisman tiklandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-avgust holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 590 million dollarga oshib, 63,76 milliard dollardan 64,35 milliard dollarga yetdi.

Iyul oyida valyuta zaxiralari 209 million dollarga ko‘payib, 7,44 milliard dollardan 7,65 milliard dollarga yetdi.

Xalqaro zaxiralar tarkibida qimmatli qog‘ozlar paydo bo‘lganidan beri birinchi marta ularning hajmi kamaygani kuzatildi. Iyul oyida bu portfel qariyb 1,1 milliard dollarga yoki deyarli 40 foizga qisqarib, 2,86 milliard dollardan 1,76 milliard dollargacha tushdi.

Shu bilan birga, naqd valyuta va depozitlar hajmi 1,31 milliard dollarga oshib, 4,58 milliard dollardan 5,89 milliard dollargacha yetdi.

Zaxiralar tarkibidagi oltinning qiymati 365 million dollarga ko‘tarilib, 55,76 milliard dollardan 56,12 milliard dollarga yetdi.

Biroq, oltinning fizik hajmi biroz kamaydi – 13,88 million troy unsiyadan 13,85 million troy unsiyagacha (430,8 tonna). Bu kamayish taxminan 30,2 ming troy unsiyani yoki qariyb 0,94 tonnani tashkil etdi. Shunday qilib, oltin hajmi 1-iyul holatidagi rekord ko‘rsatkichdan so‘ng qisqardi.

Qimmatbaho metallning fizik hajmi kamayganiga qaramay, jahon narxlarining oshishi zaxiralarning oltin qismi qiymatini saqlab qoldi.

Markaziy bankning statistikaga bergan izohida aytilishicha, iyul oyida oltin narxi bir troy unsiya uchun 4016,7 dollardan 4052,2 dollargacha yoki qariyb 0,9 foizga oshgan. Regulyator oltinni qayta baholashdan olingan ijobiy effektni 490 million dollarga baholadi.

Bu shuni anglatadiki, kotirovkalar oshishi hisobiga oltin zaxirasi qiymatining ortishi uning fizik hajmi kamayishi bilan qisman qoplangan.

Taqqoslash uchun, 1-iyul holatiga ko‘ra O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birdaniga 6,8 milliard dollarga – 70,6 milliard dollardan 63,8 milliard dollargacha qisqargan edi. O‘shanda asosiy sabab oltin narxining tushishi bo‘lgandi: uning narxi bir troy unsiya uchun 4516,85 dollardan 4016,7 dollargacha arzonlashgan, Markaziy bank esa qayta baholashning salbiy effektini taxminan 6,9 milliard dollarga baholagan edi.

Markaziy bank avvalroq xalqaro zaxiralarda oltin ulushining yuqoriligini aktivlarni boshqarishga konservativ yondashuv bilan izohlagan edi. Shu bilan birga, regulyator qimmatbaho metallar narxining tebranishlariga qaramlikni kamaytirish uchun zaxiralarni bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilmoqda.

Xalqaro zaxiralar mamlakat moliyaviy barqarorligining vositalaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Ular tashqi majburiyatlarni bajarish, zarur hollarda valyuta bozorini qo‘llab-quvvatlash va tashqi shoklar davrida o‘ta muhim importni moliyalashtirish uchun ishlatiladi.

oltin-valyuta zaxiralarivalyuta zaxiralarioltin narxixalqaro zaxiralaro‘zbekistonmarkaziy bankmoliyaviy barqarorlikiqtisodiyot