O‘zbekistonliklar Rossiyaga eng ko‘p kelgan xorijliklar ro‘yxatida yetakchi bo‘ldi
2026-yilning dastlabki ikki choragida Rossiyaga xorij fuqarolari 7,1 mln marta tashrif buyurgan.

O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga eng ko‘p tashrif buyurgan xorijliklar orasida yetakchilik qildi.
Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati (FXX) Chegara xizmati tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida Rossiyaga xorijiy fuqarolarning kirib kelishi bo‘yicha hisobotda O‘zbekiston birinchi o‘rinda qayd etilgan.
Hisobotda aytilishicha, 2026-yilning dastlabki olti oyida Rossiyaga xorij fuqarolari jami 7,1 million marta tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davridagi 7,8 million tashrifga nisbatan kamroqdir.
Rossiyaga eng ko‘p fuqarolari kirib kelgan 10 mamlakat reytingida O‘zbekiston 1 million 613 ming tashrif bilan birinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yili bu raqam 1 million 825 mingni tashkil etgan edi.
Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston, Xitoy, Tojikiston va Qirg‘iziston joylashgan. Ro‘yxatda shuningdek, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya va Mo‘g‘uliston ham bor.
Yanvar-iyun oylarida "turizm" maqsadida Rossiyaga 676,4 ming marta tashrif amalga oshirilgan. Sayyohlarning asosiy qismini Xitoy (380,5 ming tashrif), Turkmaniston (46 ming), Turkiya (36,9 ming) va Saudiya Arabistoni (20,6 ming) fuqarolari tashkil etgan.
"Ishlash" maqsadini ko‘rsatganlar soni 2,4 million nafarni tashkil etgan. Ular asosan O‘zbekiston (1,1 million), Tojikiston (494 ming) va Qirg‘iziston (289 ming) fuqarolaridan iborat.
"Ta’lim olish" maqsadida 202 ming tashrif qayd etilgan. Bu borada Qozog‘iston (47 ming), Xitoy (42 ming) va O‘zbekiston (26 ming) fuqarolari yetakchilik qilmoqda.
Shuningdek, 2,3 million holatda tashrif maqsadi "shaxsiy safar" sifatida ko‘rsatilgan. Bunday tashriflarning asosiy qismi Qozog‘iston (850 ming), O‘zbekiston (263 ming) va Abxaziya (225 ming) fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

