Siyosat

O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan yurishi mumkin bo‘ladi

Yangi tartib tomonlar ichki davlat tartib-taomillarini to‘liq bajarganidan keyin kuchga kiradi.

O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan qolishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida fuqarolarning majburiy ro‘yxatdan o‘tish muddatini 5 kundan 15 kungacha uzaytirishni nazarda tutuvchi protokol imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Qirg‘iziston prezidenti shunday dedi: “Chegaraoldi hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma, o‘tkazish punktlari va fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi protokollar imzolandi. Chegara masalalarini to‘liq hal qildik, o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 taga oshirdik, ikki davlat fuqarolarining mamlakatda bo‘lib turish muddatini 15 kungacha uzaytirdik”.

Ushbu hujjat O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini davlat chegarasini kesib o‘tgan vaqtdan boshlab 15 sutka davomida qabul qiluvchi mamlakatning vakolatli organlarida vaqtinchalik yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod qilishni nazarda tutadi.

Yangi tartib tomonlar ichki davlat tartib-taomillarini to‘liq bajarganidan keyin kuchga kiradi.

Japarov, shuningdek, Andijonda Qirg‘iz Respublikasining bosh konsulxonasi ochilishini ham ma’lum qildi.

uzbekistanshavkat mirziyoyevsadir japarovvisa-free travelkyrgyzstanconsular servicesdiplomatic relationsborder crossing