O‘zbekistonlik foydalanuvchilar endi Yandex Maps'da real vaqtdagi geopozitsiyani ulasha oladi
O‘zbekistondagi Yandex Maps ilovasida endi o‘z joylashuvini real vaqt rejimida boshqalar bilan bo‘lishish imkoniyati paydo bo‘ldi.

O‘zbekistonlik Yandex Maps foydalanuvchilari endi real vaqt rejimida o‘z joylashuvini ulashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi Yandex Maps ilovasi foydalanuvchilari uchun yangi funksiya joriy etildi: endi ular o‘z joylashuvini real vaqt rejimida boshqalar bilan bo‘lishishlari mumkin. Bu yangilik shaharda bir-birini tezroq topishga va yaqinlar bilan doimiy aloqada bo‘lishga yordam beradi. Masalan, bozorda xarid qilingandan so‘ng uchrashish, yozgi festivalda adashib qolmaslik, aeroportda qarindoshlarni kutib olish yoki notanish hududda osonroq yo‘l topish kabi vaziyatlarda juda qulay.
Ushbu funksiya ayniqsa yoz faslida va chilla davrida juda muhim. Bu vaqtda odamlar shahar tashqarisiga ko‘proq sayohat qiladi va kechqurun oilasi yoki do‘stlari bilan uchrashuvlar rejalashtiradi. Qisqa muddatli geopozitsiya translyatsiyasi Chorsu bozorida, Toshkent markazida yoki yirik savdo markazida bir-birini tez topishga yordam beradi. Uzoqroq muddatli translyatsiya esa shahar tashqarisiga sayohat vaqtida, masalan, Chorvoq suv ombori, Chimyon yoki Amirsoyga borganda, shuningdek, boshqa mamlakatga sayohat chog‘ida qulaylik yaratadi.
Geopozitsiya funksiyasi sayyohlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Yandex Maps'ning ichki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yozida xorijlik sayyohlar O‘zbekistonda ushbu xizmatdan 4 million martadan ko‘proq foydalangan. Yandex Maps'dan eng ko‘p Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan kelgan sayyohlar foydalangan. Ular sayohat davomida manzillarni izlagan, yo‘nalishlar tuzgan va navigatsiyadan foydalangan. Yangi shaharda geopozitsiya funksiyasi sayr paytida hamrohlardan adashmaslikka, diqqatga sazovor joylar, vokzal yoki aeroportda bir-birini tezroq topishga yordam beradi. Bu, ayniqsa, guruh ikkiga bo‘linib ketganida, masalan, kimdir kafe yoki do‘konda biroz ushlanib qolganidan keyin yana yig‘ilish kerak bo‘lganda juda qulay.
Foydalanuvchi o‘z geopozitsiyasini turgan joyi aks etgan xarita fragmenti orqali bo‘lishishi mumkin. Shuningdek, xaritadagi o‘z joylashuvi belgisiga bosib, lokatsiyani do‘stlari yoki yaqinlariga yuborishi mumkin. Ular foydalanuvchining joylashuvini o‘z xaritasida ko‘radi va shu zahoti ungacha marshrut tuzishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, profil belgisi orqali "Geopozitsiya" bo‘limiga kirib, joylashuv haqidagi ma’lumotni yuborish yoki translyatsiyani to‘xtatish mumkin. Translyatsiya yakunlangach, foydalanuvchining belgisi u geopozitsiyasini bo‘lishgan odamlar xaritasidan avtomatik ravishda yo‘qoladi.
Yandex Maps oilaviy ssenariylarni rivojlantirishda davom etadi hamda yaqinlarga shaharda, sayohatlarda va kundalik hayotda bir-birini osonroq topish va aloqada qolishga yordam beradigan yangi imkoniyatlarni qo‘shib boradi.
Ushbu funksiya O‘zbekistondagi Yandex Maps mobil ilovasining iOS va Android versiyalarida avtorizatsiyadan o‘tgan foydalanuvchilar uchun mavjud.

