O‘zbekistonda yangi brend ostida mehmonxonalar ochilishi mumkin
AQShning Best Western xalqaro mehmonxona brendini O‘zbekiston bozoriga olib kirish rejalashtirilmoqda. Khan International Investment Consortium O‘zbekistondagi yirik mehmonxonalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, Toshkent viloyati va Zominda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekistonda yangi mehmonxona brendi paydo bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Khan International Investment Consortium bosh direktori Habib Xon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, investitsiya muhiti va mamlakatning sayyohlik salohiyati muhokama qilindi.
Habib Xonning so‘zlariga ko‘ra, konsorsium Pokiston va AQShda mehmonxonalarni boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya O‘zbekistondagi yirik mehmonxonalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish va AQShning Best Western xalqaro mehmonxona brendini mamlakat bozoriga olib kirishni rejalashtirgan. Ushbu brendning O‘zbekiston hududida faoliyat yuritishi uchun tegishli ruxsat olingani qayd etildi.
Muzokaralarda Toshkent viloyatida mehmonxona biznesini rivojlantirish, ko‘chmas mulk va zamonaviy turar joy majmualarini barpo etishga investitsiyalar jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Zomin tumanida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar istiqbolli loyihalarni batafsil o‘rganish va amaliy bosqichga olib chiqish maqsadida Khan International Investment Consortium delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, Khan International Investment Consortium ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, elektr transport vositalari ishlab chiqarish, energetika va qurilish sohalarida faoliyat yuritadi. Konsorsium AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy va Pokistonda turli biznes loyihalarini amalga oshirgan hamda 24 dan ortiq mehmonxonani boshqaradi.

