O‘zbekistonda sanoat korxonalari qaysi sohada ko‘pligi ma’lum bo‘ldi
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari soni 63,3 mingtaga yetdi

O‘zbekistonda sanoat korxonalarining eng ko‘p qaysi tarmoqlarda joylashgani aniqlandi.
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatimizda jami 63,3 mingta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiy faoliyat turlari orasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasi eng katta ulushga ega. Ushbu yo‘nalishda 12,7 mingta korxona faoliyat yuritib, bu umumiy sanoat korxonalarining 20,1 foizini tashkil etadi.
Ikkinchi o‘rinda boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish sohasi joylashgan bo‘lib, unda 8,9 mingta korxona ish olib bormoqda. Bu esa barcha sanoat korxonalarining 14 foizini tashkil qiladi.
Hisobotga ko‘ra, kiyim ishlab chiqarish sohasida 6,4 mingta yoki 10,1 foiz korxona faoliyat yuritadi.
Shuningdek, tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi 5,2 mingta (8,2 foiz) hamda mebel ishlab chiqaruvchi 4,4 mingta (6,9 foiz) sanoat korxonasi ro‘yxatga olingan.
Bundan tashqari, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 3,9 mingta (6,1 foiz) va rezina hamda plastmassa buyumlari ishlab chiqarish yo‘nalishida 2,9 mingta (4,7 foiz) korxona faoliyat yuritmoqda.

