O‘zbekistonda o‘tadigan Xalqaro informatika olimpiadasi 390 ga yaqin ishtirokchi qatnashadi
Ilk bor O‘zbekistonda Xalqaro informatika olimpiadasi bo‘lib o‘tadi. Unda 97 dan ortiq mamlakatdan 386 nafar maktab o‘quvchisi, delegatsiya rahbarlari, murabbiylar va xalqaro qo‘mita a’zolari ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zbekiston sharafini 100 nafar o‘quvchi orasidan saralab olingan 8 nafar vakil himoya qiladi.

O‘zbekiston 9-avgustdan 16-avgustgacha ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI-2026)ga mezbonlik qiladi. Bu 38-marta o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbir bo‘ladi.
Payshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, ushbu intellektual musobaqalarda 97 mamlakatdan jami 386 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etadi. Delegatsiya rahbarlari, murabbiylar, xalqaro qo‘mita a’zolari va boshqa mehmonlar bilan birgalikda ishtirokchilar soni 900 nafardan oshadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston terma jamoasini tayyorlash ishlari 2025-yil noyabr oyida boshlangan. Qozog‘iston, Polsha va Ruminiyadan kelgan ekspertlar ishtirokida 10 ga yaqin o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazildi. Saralash bosqichlari yakunida 100 nafar maktab o‘quvchisi orasidan 8 nafar ishtirokchidan iborat ikkita milliy terma jamoa shakllantirildi.
O‘zbekistonning ushbu tadbirni o‘tkazish bo‘yicha talabnomasi 2023-yilda Vengriyaning Seged shahrida 28-avgustdan 4-sentabrgacha bo‘lib o‘tgan 35-olimpiada davomida ma’qullangan edi.
IOI har yili turli mamlakatlardan yuqori sinf o‘quvchilarini birlashtiradi. Ular masalalarni tahlil qilish, algoritmlar va ma’lumotlar tuzilmalarini ishlab chiqish, dasturlash va testdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadilar.
Har bir ishtirokchi mamlakat olimpiadada o‘z sharafini himoya qiluvchi to‘rt kishilik jamoani tanlab oladi. Jamoa yetakchisi va uning o‘rinbosari hamrohligida ikki kun davomida kuch sinashadi. Har bir ishtirakchi yakka tartibda bellashadi va har bir musobaqa kunida besh soat ichida uchta algoritmik masalani yechish orqali maksimal natijaga erishishga harakat qiladi.
IOI-2026 logotipi sifatida afsonaviy humo qushi tanlangan. Uning tanasi va qanotlari geometrik shakllar, sxemalarga o‘xshash chiziqlar va ikkilik raqamlari (0 va 1) yordamida yaratilgan. Logotipdagi ikkilik ketma-ketligi yilni va mezbon mamlakatni aks ettiradi.

