O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli deyarli rekord darajaga yetishi kutilmoqda

Issiq kunlarda O‘zbekistonda sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 mln kVt/soatga yetishi mumkin, bu mutlaq rekordga yaqin ko‘rsatkich hisoblanadi. Yong‘in va portlash xavfini kamaytirish uchun issiq vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.

O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga yaqinlashishi kutilmoqda. Kutilayotgan issiq kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 million kVt/soatga, maksimal yuklama esa 13−13,3 GVtgacha yetishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Respublika shtabi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yig‘ilishda yoz mavsumida yoqilg‘i-energetika tizimi obyektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, elektr energiyasi iste’moli keskin oshadigan kunlarda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, energetika obyektlarining 24 soatlik ish rejimini kuchaytirish, avariya brigadalarining shayligini oshirish va rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Energetika tizimi korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish va profilaktik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda yuzaga kelgan nosozliklar va ularning oqibatida sodir bo‘lgan avariyaviy uzilishlar alohida muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilandi va ayrim rahbarlar o‘z lavozimidan ozod etildi. Idora qaysi podstansiyalar va rahbarlar haqida gapirilayotganini aniqlik kiritmadi.

Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda, kuchaytirilgan nazorat asosida tashkil etish topshirildi.

Bundan tashqari, yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatish belgilandi.

Mazkur talablar ijrosini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi energetika obyektlari va yoqilg‘i infratuzilmasida yong‘in hamda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan kuchaytirilgan o‘rganishlar va nazorat reydlari tashkil etilishi belgilandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, ijro va mehnat intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Energetika vazirligi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan xodimlar bilan mehnat munosabatlari bekor qilinayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida barcha tizim rahbarlari qat’iy ogohlantirildi. Navbatdagi yig‘ilishlarda, eng avvalo, berilgan topshiriqlar ijrosi, hududlardagi haqiqiy holat hamda rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi tanqidiy baholanishi qayd etildi.

Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’molining mutlaq rekordi kichik quvvatli quyosh generatsiyasini hisobga olmaganda bir sutkada 283 million kVt/soatni tashkil etadi. Avvalgi yozgi eng yuqori ko‘rsatkich 2025-yil 18-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda iste’mol 272,6 million kVt/soatga yetgan. Xuddi shu yildagi qishki rekord esa 271,8 million kVt/soatni tashkil qilgan.

yong'in xavfsizligio‘zbekistonelektr energiyasiiste'molyoz mavsumienergetikaavariyakorrupsiya