O‘zbekistonda atom energiyasi va radiatsiya manbalari bilan ishlashning yangi qoidalari tasdiqlandi

O‘zbekistonda atom energiyasi va radiatsiya manbalari bilan bog‘liq ishlarni tartibga soluvchi yangi qoidalar tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasi 30-iyul kuni qabul qilgan qarorga ko‘ra, atom energiyasidan foydalanish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan ishlash sohasidagi faoliyatni litsenziyalashning yangi tartibi joriy etildi.
Ushbu yangi nizom atom energiyasidan foydalanish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi. Hujjat Prezidentning 2024-yil 9-yanvardagi tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga oid farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Yangi tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Shu sanagacha amaldagi litsenziyalar asosida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar 2027-yil 1-dekabrga qadar yangi litsenziya olishlari shart. Belgilangan muddatda qayta rasmiylashtirilmagan litsenziyalar o‘z kuchini yo‘qotadi.
Nizom atom elektr stansiyalari, tadqiqot yadro qurilmalari, radioaktiv moddalar va yadro materiallari bilan ishlash, ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini ishlab chiqarish, saqlash, tashish, ulardan foydalanish, utilizatsiya qilish hamda boshqa qator faoliyat turlarini qamrab oladi. Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat yuritish uchun litsenziya olishda xavfsizlik, radiatsiyaviy nazorat, xodimlar malakasi, texnik jihozlar va boshqa majburiy talablar belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 22–23-iyul kunlari “O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasi delegatsiyasi Moskvada xizmat safarida bo‘lib, uchrashuvlarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Jizzaxda qurilayotgan atom elektr stansiyasi hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazuvchi qo‘shma ishchi guruh tuzilishi belgilangan edi.

