O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Rossiya klubiga o‘tadi — OAV

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Rossiya klubiga o‘tadi — OAV
Samarqandning “Dinamo” klubi futbolchisi Jahongir O‘rozov faoliyatini Rossiya Premyer Ligasida davom ettiradi. O‘zbekistonlik futbolchi Qozonning “Rubin” jamoasiga ijara asosida o‘tmoqda. Taniqli insayder Ivan Karpovning xabar berishicha, “Dinamo” ushbu mavsum yakuniga qadar mo‘ljallangan ijara shartnomasidan 100 ming yevro ishlab oladi.
Agar Jahongir O‘rozovning o‘yini Qozon klubi rahbariyati va murabbiylar shtabiga ma’qul kelsa, “Rubin” uni to‘laqonli sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Buning uchun Rossiya jamoasi samarqandliklarga qo‘shimcha 700 ming yevro to‘lashi kerak bo‘ladi.
Avvalroq o‘zbekistonlik futbolchining Rossiya klubiga o‘tishi haqida turli xabarlar tarqalgan va ba'zi manbalar transfer summasini yuqoriroq baholagan edi. Shuningdek, ikkala klub o'rtasidagi muzokaralar qishki transferlar oynasigacha cho‘zilishi ehtimoli ham yo'q emasdi. Biroq, tomonlar pullik ijara varianti orqali kelishuvni tezroq yakunlashga qaror qilishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Jahongir O‘rozov O‘zbekiston Superligasidagi o‘yinlari orqali terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro e’tiboriga tushgan. Futbolchi O‘zbekistonning JCHdagi ilk o‘yinida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsa-da, keyingi o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Xususan, O‘rozov Kongo DR milliy jamoasiga qarshi uchrashuvda 7 marta xavfni bartaraf etgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning “Bunyodkor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Jahongir O‘rozov 2023-yili Turkiyaning “Eyupspor” jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi. 2024-yilda turk klubi futbolchini Samarqandning “Dinamo”siga ijaraga berdi. 2025-yilning boshida esa samarqandliklar uni erkin agent maqomida o‘z safiga to‘liq qo‘shib oldi.

