O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va mashhur pianinochi Lang Lang Pekin va Samarqandda chiqish qiladi
O‘zbekiston milliy simfonik orkestri va dunyoga mashhur xitoylik virtuoz pianinochi Lang Lang Pekin hamda Samarqand shaharlarida chiqish qiladi. Birinchi konsert 25-avgustda Buyuk Xitoy devorining muhim qismi — Szyuyyunguan qal’asi etagida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchisi esa 6-sentabrda Registon maydonida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va taniqli pianinochi Lang Lang Pekin hamda Samarqandda konsert beradi.
Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va dunyoga mashhur xitoylik virtuoz pianinochi Lang Lang Pekin va Samarqand shaharlarida konsert dasturi bilan chiqish qiladi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilmoqda.
25-avgust kuni Buyuk Xitoy devorining muhim qismlaridan biri bo‘lgan Szyuyyunguan qal’asi etagida "The Great Wall Symphony Concert" bo‘lib o‘tadi. Konsertda Anor Nazarovning “Taronalar bazmi” simfonik poemasi, Sulaymon Yudakovning “Xorazmcha bayramona yurish”i hamda jahon fortepiano repertuarining eng mashhur asarlaridan biri – Sergey Raxmaninovning Fortepiano va orkestr uchun 2-sonli konserti ijro etiladi.
Milliy simfonik orkestr va klassik musiqa superyulduzining ikkinchi birgalikdagi chiqishi 6-sentabr kuni Samarqanddagi Registon maydonida bo‘lib o‘tadi. Kecha dasturidan jahon klassikasi durdonalari hamda milliy musiqa an’analarimiz boyligini aks ettiruvchi o‘zbek bastakorlarining asarlari o‘rin olgan.
Har ikkala konsert ham jamg‘armaning san’at orqali madaniy almashinuvni rivojlantirish va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga, shuningdek, O‘zbekistonni xalqaro madaniy hayotning asosiy markazlaridan biri sifatida targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro madaniy tashabbuslarining davomidir. So‘nggi yillarda mamlakatda jahon pop-yulduzi Jennifer Lopes, afsonaviy tenor Andrea Bochelli, Emmy, Grammy, Oscar va Tony mukofotlari sohibi Jon Lejend chiqish qilgan edi.
Lang Lang ilk bor 2024-yilning noyabr oyida Toshkent tomoshabinlari qarshisida chiqish qilgan. Uning debyuti “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi sahnasida bo‘lib o‘tgan edi.

