Texnologiya

O‘zbekiston IT-gigantlarni jalb qilish uchun yangi huquqiy rejim joriy etadi

O‘zbekistonda yirik xorijiy IT-kompaniyalar va investorlarni jalb qilishga qaratilgan yangi huquqiy rejim joriy etiladi. Enterprise Uzbekistan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun ingliz huquqi tamoyillari asosida maxsus huquqiy muhit, moslashuvchan soliq va bojxona rejimi hamda investitsiya va intellektual mulkni himoya qilish kafolatlari yaratiladi.

O‘zbekiston yirik IT-kompaniyalarni mamlakatga jalb etish maqsadida yangi huquqiy tartibotni joriy qilmoqda.

Oliy Majlis Senatining 18-plenar majlisida “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun ma’qullandi.

Senat matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu qonun loyihasi avval Senatning 17-plenar majlisida ko‘rib chiqilgan va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Keyinchalik, senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari vakillari ishtirokida hujjatni qayta ishlab chiqqan.

Mazkur konstitutsiyaviy qonun IT-park hududida faoliyat yurituvchi Enterprise Uzbekistan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun ingliz huquqi tamoyillariga asoslangan huquqiy asos yaratadi.

Qonunga ko‘ra, Markazni tashkil etish, uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish va chegaralarini o‘zgartirish, strategik boshqaruvni amalga oshirish hamda asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmon va qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Markazda moslashuvchan soliq va bojxona rejimi joriy etilishi, ayrim faoliyat turlarini soliqlardan ozod qilish, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirish tartibini soddalashtirish ko‘zda tutilgan.

Markaz ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqarish uchun “yagona darcha” mexanizmi tashkil etiladi. Shu bilan birga, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar joriy etiladi.

Kutilishicha, Markaz faoliyati mamlakatning raqamli xizmatlar eksportini 2030-yilga borib 5 milliard AQSh dollariga yetkazishga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyotda 300 mingdan ortiq yangi yuqori daromadli ish o‘rni yaratish va iqtidorli yoshlarni O‘zbekistonning o‘zida jahon standartlariga mos ish haqi bilan ta’minlash uchun sharoit yaratilishi rejalashtirilgan.

Qonunning qabul qilinishi xorijiy investorlarning mulkiy va intellektual huquqlarini xalqaro standartlar asosida himoya qilish uchun huquqiy asos yaratishi kutilmoqda. Bu esa Apple, Google, Microsoft va Amazon kabi yirik transmilliy IT-kompaniyalarni O‘zbekiston bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Senatorlarning fikricha, yangi huquqiy rejim YaIMda IT-sektor ulushini oshirish, raqamli sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va IT-xizmatlar eksportini kengaytirishga xizmat qiladi.

tax incentivesuzbekistanlegal reformjob creationit developmentdigital technologies international centerforeign investmentdigital services export