O‘zbekiston: Geosiyosiy muvozanat san’ati va yangi mintaqaviy voqelik
Xitoylarga nisbat beriladigan mashhur naql bor: «O‘tish davrida yashashdan Xudo saqlasin». Bu iboraning aniq manbasi

O‘zbekiston: Geosiyosiy muvozanat san’ati va yangi mintaqaviy voqelik
Xitoyliklarga nisbat beriladigan mashhur naql bor: "O‘tish davrida yashashdan Xudo saqlasin". Bu iboraning aniq manbasi bahsli bo‘lsa-da, uning mazmuni bugungi dunyo voqeligini juda aniq ifodalaydi. XXI asr xalqaro munosabatlari shunchalik murakkablashdiki, ertaga nima sodir bo‘lishini bashorat qilish tobora qiyinlashmoqda. Bir tomonda yirik davlatlar raqobati kuchaymoqda, boshqa tomonda yangi iqtisodiy va texnologik markazlar shakllanmoqda. Urushlar, sanksiyalar, savdo mojarolari va xavfsizlikka oid yangi tahdidlar xalqaro tizimni o‘zgartirib yubormoqda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 35 yil bo‘ldi. Mamlakatning iqtisodiy yuksalish va tashqi ochiqlik yo‘li murakkab va ziddiyatli davrga to‘g‘ri kelmoqda. Bir qarashda atrofda xavf-xatarlar kam emas: shimolda geosiyosiy raqobat, janubda Afg‘oniston omili, sharq va g‘arbda esa turli iqtisodiy va siyosiy manfaatlar to‘qnashuvi mavjud. O‘zbekiston mana shunday murakkab muhitda muvozanatni saqlab qola olmoqda. Xo‘sh, bunga qanday erishmoqdamiz?
Bugungi kunda Markaziy Osiyo muhim geosiyosiy hududlardan biri sifatida qaralmoqda. Mintaqa Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘lovchi strategik makonda joylashgan bo‘lib, tabiiyki, yirik davlatlar va iqtisodiy markazlarning diqqat markazida turibdi. O‘zbekiston mana shunday makonning markazida joylashgan davlatdir.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barcha qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh bo‘lgan yagona mamlakat bo‘lib, bu holat unga mintaqaviy integratsiya jarayonlarida muhim o‘rin tutish imkonini beradi. Shu bilan birga, aholi soni, iqtisodiy salohiyat va transport kommunikatsiyalari nuqtai nazaridan ham mamlakat mintaqaning asosiy davlatlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonning geografik joylashuvi uni Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, AQSh va Yaqin Sharq davlatlari manfaatlari kesishgan nuqtaga aylantirgan. Shu sababli mamlakat tashqi siyosatda biror kuch markaziga ortiqcha bog‘lanib qolmasdan, barcha hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga intilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik va amaliy hamkorlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etdi. Mamlakat Rossiya bilan an’anaviy iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni saqlab qolgan holda, Xitoy bilan investitsiya va infratuzilma loyihalarini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya hamda AQSh bilan ham munosabatlarni mustahkamlashga intilayotgani ko‘rinadi.
Bu yondashuvning asosiy maqsadi tashqi siyosiy manyovr imkoniyatlarini kengaytirish va milliy manfaatlarni himoya qilishdan iborat. Geosiyosiy muvozanat siyosati O‘zbekistonga xalqaro maydonda mustaqil qarorlar qabul qilish imkonini bermoqda.
Markaziy Osiyoda keyingi yillarda kuzatilayotgan muhim o‘zgarishlardan biri – mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishidir. Ilgari mavjud bo‘lgan ayrim siyosiy va iqtisodiy kelishmovchiliklar o‘rnini muloqot va o‘zaro ishonch egallamoqda.
O‘zbekiston ushbu jarayonning asosiy tashabbuskorlaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi. Qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarining hal etilishi, savdo hajmining o‘sishi, transport yo‘laklarining rivojlanishi va suv-energetika sohasidagi hamkorlik mintaqada yangi voqelikni shakllantirmoqda.
Shu bilan birga, Afg‘onistondagi vaziyat, global iqtisodiy beqarorlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi kabi muammolar Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada yaqin hamkorlikni talab qilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlovchi muhim aktor sifatida ishtirok etmoqda.
Hozirgi davrda geosiyosiy raqobat nafaqat harbiy va siyosiy sohada, balki iqtisodiy maydonda ham kechmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri iqtisodiy diplomatiya hisoblanadi.
Mamlakat xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tashqi savdoni diversifikatsiya qilishga katta e’tibor qaratmoqda. Trans-Afg‘on temir yo‘li, "Sharq-G‘arb" va "Shimol-Janub" transport yo‘laklari kabi loyihalar O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Garchi mazkur tashabbuslar turli geosiyosiy, moliyaviy va boshqa omillar tufayli kutilgan sur’atlarda rivojlanmayotgan bo‘lsa-da, ularning strategik ahamiyati kamaygani yo‘q. Aksincha, global iqtisodiy aloqalar qayta shakllanayotgan bir paytda ushbu transport yo‘laklari nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon bozorlari bilan bog‘lanishida muhim o‘rin tutishi mumkin.
Mazkur loyihalarning to‘liq amalga oshirilishi nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy nuqtai nazardan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, ularning ro‘yobga chiqishi faqat vaqt masalasi bilan bog‘liq, deb ayta olamiz.
Tarix shuni ko‘rsatadiki, o‘tish davrlari davlatlar uchun ham sinov, ham imkoniyat hisoblanadi. Kimdir o‘zgarishlar qurboniga aylansa, kimdir aynan shu o‘zgarishlar orqali yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tariladi.
Bugun O‘zbekiston ana shunday tarixiy chorrahada turibdi. Mamlakatning ko‘p vektorli diplomatiyasi, qo‘shnichilik munosabatlariga tayangan mintaqaviy siyosati va iqtisodiy ochiqlik strategiyasi unga turli geosiyosiy kuchlar o‘rtasida muvozanat saqlash imkonini bermoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ayniqsa tashqi siyosatda yaqqol ko‘rinyapti.
Yangi mintaqaviy voqelik sharoitida O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning muhim davlatlaridan biri, balki Yevroosiyo makonida turli manfaatlarni uyg‘unlashtirishga qodir strategik ko‘prik sifatida ham shakllanmoqda. Demak, mamlakatning kelajakdagi muvaffaqiyati aynan shu nozik geosiyosiy muvozanatni qay darajada saqlab qola olishiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Zafar QOSIMOV

