Iqtisodiyot

O‘zbekiston 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni yakunlash rejalarini tasdiqladi

O‘zbekiston yana bir bor 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni yakunlash niyatini bildirdi. Martdan buyon mamlakat 190 ta qonunchilik hujjatini JST qoidalariga muvofiqlashtirdi. Bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralar 'yakunlanishiga oz qoldi', biroq ishtirokchilar qator qonunlarning qabul qilinishini tezlashtirishga chaqirdi.

**O‘zbekiston 2026-yilga qadar JSTga a’zo bo‘lish niyatini tasdiqladi**

O‘zbekiston 2026-yilga borib Jahon savdo tashkilotiga (JST) to‘liq a’zo bo‘lish jarayonini yakunlashni maqsad qilgan. Bu haqda 27-28-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan JSTga kirish bo‘yicha ishchi guruhning 13-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining JST bo‘yicha vakili va bosh muzokarachi Azizbek Urunov ma’lum qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida 30 nafar yuqori lavozimli amaldor, jumladan, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov hamda adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov ishtirok etdi. Bir qator vazirlik va idoralar vakillari Toshkentdan onlayn tarzda yig‘ilishga qo‘shildi.

Azizbek Urunov hukumatning “JST a’zolari bilan jadal va konstruktiv hamkorlik qilishga to‘liq sodiqligini” ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyida bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning avvalgi yig‘ilishidan beri muzokaralar yanada ilg‘or bosqichga o‘tgan. Bu, xususan, tashkilotga a’zo mamlakatlar tomonidan berilayotgan savollar sonining kamayganida namoyon bo‘ladi, bu esa O‘zbekiston ularni tashvishga solayotgan masalalarni bosqichma-bosqich hal etayotganidan dalolat beradi.

“O‘zbekistonning 2026-yilda a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash maqsadini hisobga olgan holda, bunday sur’atni saqlab qolish ayniqsa muhimdir”, – deya Urunovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi tashkilot matbuot xizmati.

O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyidan buyon 190 ta normativ-huquqiy hujjat JST qoidalariga muvofiqlashtirildi. O‘zgarishlarning salmoqli qismi sanitariya va fitosanitariya talablari, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga tegishlidir. Xususan, mamlakatda yagona Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston antidemping, kompensatsiya va himoya choralari to‘g‘risidagi qonun loyihalarini yangiladi.

Ishchi guruh raisi, Koreya elchisi Chxve Son Yonning ma’lum qilishicha, hozirga qadar JST kotibiyatiga 34 ta mamlakatdan 31 tasi bilan bozorga kirish shartlari bo‘yicha ikki tomonlama bitim taqdim etilgan. Ularning oxirgisini O‘zbekiston Hindiston bilan tuzdi. U muzokaralar hali yakunlanmagan mamlakatlarni qolgan masalalarni imkon qadar tezroq kelishib olishga chaqirdi. Uning baholashicha, a’zo bo‘lish jarayonining ikki tomonlama qismi “yakunlanishga juda oz qoldi”.

JSTga a’zo mamlakatlar O‘zbekiston tomonidan erishilgan muvaffaqiyatlarni olqishladi, biroq ayrim qonunlarning qabul qilinishi kutilganidan sekinroq kechayotganini qayd etdi. Ular davom etayotgan islohotlarni, jumladan, davlat korxonalarini xususiylashtirish hamda shaffof va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan ishbilarmonlik muhitini yaratish chora-tadbirlarini ijobiy baholadi.

Yig‘ilish davomida mamlakatlar vakillari valyutani tartibga solish va to‘lovlar, import qoidalari, savdo protseduralarini soddalashtirish, investitsiya va raqobat siyosati, shuningdek, savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha savollar berdi. O‘zbekistonga, shuningdek, davlat korxonalari va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash tizimini isloh qilishni davom ettirish tavsiya etildi. Ba’zi ishtirokchilar mamlakatga a’zo bo‘lgandan so‘ng JSTning faqat ayrim a’zolari ishtirok etadigan ko‘ptomonlama tashabbuslariga qo‘shilishni taklif qilishdi.

JST bosh direktori o‘rinbosari Chjan Syanchen tashkilot rahbari nomidan so‘zlab, mart va iyul oylaridagi yig‘ilishlar o‘rtasidagi qisqa tanaffus tomonlarning muzokaralarni tezlashtirishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatishini ta’kidladi. “JSTga a’zo bo‘lish har tomonlama islohotlarni mustahkamlash orqali iqtisodiyotlarning barqarorligini oshirishga yordam beradi. Bu, shuningdek, qoidalarni yangilash va bozorlarga kirishni kengaytirish orqali JSTning o‘zini ham mustahkamlashi mumkin”, – dedi u.

Ishchi guruh raisining ta’kidlashicha, hali bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar hajmi saqlanib qolayotganiga qaramay, agar O‘zbekiston va JSTga a’zo mamlakatlar qolgan masalalarni o‘z vaqtida hal qilsa, a’zolikni yakunlash mumkin. Azizbek Urunov muzokaralar ishtirokchilarini qolgan majburiyatlar ta’riflarini kelishib olishga va muvozanatli yechimlarni topishga e’tibor qaratishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda erishilgan ilgarilashni kelishilgan hujjatlarda mustahkamlash, qolgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish va a’zo bo‘lish jarayonini nihoyasiga yetkazish zarur.

Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini barcha zarur hujjatlar tarqatilgandan so‘ng – kuzning oxirida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun arizani 1994-yilda topshirgan. A’zolik shartlari bo‘yicha faol muzokaralar 2020-yilda qayta tiklangan. JSTga a’zo bo‘lish jarayonini 2026-yil mart oyida tashkilotning 14-Vazirlar konferensiyasiga qadar yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq bu amalga oshmadi. Azizbek Urunov ayrim mamlakatlar hujjatlarni ko‘rib chiqishni paysalga solayotganini ma’lum qilgandi. O‘tgan yilning oxirida u jarayonning “kutilmagan sekinlashuvi” xavfi borligini qayd etgan edi. May oyida prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekiston hamon 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lish niyatida ekani aytib o‘tildi. Yil boshiga ko‘ra, O‘zbekiston tashkilotning 34 a’zosidan 33 tasi bilan muzokaralarni yakunlagan.

uzbekistaninternational trademarket accesseconomic reformswto accessionregulatory alignmenttrade negotiationsprivatization