“Oylik — uchinchi masala”: Lukashenko yana oʻzbekistonlik migrantlar haqida gapirdi

“Oylik — uchinchi darajali masala”: Lukashenko yana oʻzbekistonlik migrantlar haqida gapirdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 28-iyul kuni Vitebsk viloyati ijroiya qoʻmitasi raisi Aleksandr Rogojnik bilan uchrashuvda Oʻzbekistondan kelgan migrantlar masalasiga toʻxtaldi.
Lukashenkoning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston sut va goʻsht mahsulotlari yetkazib berilishi evaziga moliyaviy va mehnat resurslarini jalb etishga tayyor.
“Ular (oʻzbekistonlik ishchilar nazarda tutilgan) birinchi navbatda sening oldingga uchib kelishdi, lekin bir narsani unutma: sut va goʻsht birinchi navbatdagi masala. Odamlar yetishmayaptimi, marhamat. Ularning oyligi — uchinchi masala. Ular mahsulot soʻrashdi, biz bundan manfaatdormiz. Ular qishloq xoʻjaligiga sarmoya kiritishga tayyor, chunki investitsiyalarsiz, sut-tovar komplekslari va traktorlarsiz goʻsht hamda sut olish mumkin emas”, dedi Belarus prezidenti.
U nafaqat Vitebsk viloyatida, balki Mogilev, Gomel va Grodno viloyatlariga ham ishchilar kerakligini taʼkidladi.
Davlat OAV Rogojnikning soʻzlaridan iqtibos keltirib, Belarus tomoni Oʻzbekiston fuqarolarining kelishidan “faqat yutishi”ni maʼlum qildi.
“Biz mutaxassislarni tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqdik. Albatta, viloyat ehtiyojidan kelib chiqamiz. Oʻzbekiston bizga shartli ravishda 30 nafar mexanizator, 10 nafar quruvchi va hokazolar zarurligi hamda barcha mutaxassisliklar uchun malaka talablari haqida maʼlumot oladi”, dedi amaldor.
U Belarusdagi Oʻzbekiston fuqarolari qonun bilan bogʻliq muammolar yoʻqligi boʻyicha tekshirilishini aytdi.
“Chunki biz nafaqat malakali, balki qonunga itoatkor fuqarolar ham kelishidan manfaatdormiz”, deya aniqlik kiritdi Rogojnik.
U Belarusga kelgan barcha oʻzbekistonliklar dastlab kelishilgan ish haqi darajasini olishi, bu yomon emasligini taʼkidladi.
Belarus yetakchisi iyul oyi boshida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Minskda uchrashgan edi. Oʻshanda Lukashenko oʻzbeklarni Belarusda yashash va ishlashga taklif qilgan.
Shundan soʻng Andijon viloyatida yashovchi 250 dan ziyod fuqaro qishloq xoʻjaligi va chorvachilik sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Belarusga borgan. Ammo ular ish haqi kamligidan noroziligini aytgan.
Jumladan, ish beruvchilar tomonidan ularga 500 AQSH dollari miqdorida maosh taklif qilingan. Migrantlar bu pullarni Oʻzbekistonda ham topa olishini bildirgan. Shundan soʻng Lukashenko Belarusda koʻp pul topmoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklarga Rossiyada ishlashni tavsiya qilgandi. Mazkur bayonotdan soʻng Migratsiya agentligi oʻzbekistonliklar uchun Belarusda oilasi bilan yashash va ishlashga vakansiyalar taklif etgandi.

