Olimpiada va sport musobaqalari gʻoliblari Oʻzbekiston boʻylab sayohat bilan ragʻbatlantiriladi
Respublika fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblariga "Oʻzbekiston boʻylab sayohat" yoʻllanmalarini taqdim etish tartibi tasdiqlandi. Hujjat yoʻllanmalarni olish meхanizmini, sayohatlarni tashkil etish tartibini va mamlakat boʻylab ikki va uch kunlik sayohatlarga bora oladigan ishtirokchilar doirasini belgilaydi.

Olimpiada va sport musobaqalarida gʻolib boʻlganlar Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish imkoniyati bilan taqdirlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 24.07.2026 yildagi 406-sonli qarori bilan Ta’lim va sport yoʻnalishlarida oʻtkaziladigan fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblarini "Oʻzbekiston boʻylab sayohat" yoʻllanmasi bilan ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Yoshlar oʻrtasida respublika miqyosida oʻtkaziladigan sport musobaqalari gʻoliblarini "Oʻzbekiston boʻylab sayohat" yoʻllanmasi bilan qoʻshimcha taqdirlashni joriy etish 15.05.2025 yildagi PF-87-sonli Farmonda koʻzda tutilgan edi.
Ushbu hujjat quyidagi tartiblarni belgilaydi:
* "Oʻzbekiston boʻylab sayohat" yoʻllanmasini olish uchun ariza berish jarayoni;
* sayohatlarni tashkil etish va tashkilotchilarning majburiyatlari;
* sayohatchilarning huquq va majburiyatlari.
"Oʻzbekiston boʻylab sayohat" yoʻllanmasi respublika va viloyat darajalarida (mos ravishda uch va ikki kunlik sayohatlar) quyidagilarga beriladi:
* davlat va nodavlat umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari, oʻquv litseylari va professional ta’lim tashkilotlari oʻquvchilari oʻrtasida umumta’lim fanlari boʻyicha fan olimpiadalari va/yoki sport musobaqalari gʻoliblariga;
* respublika oliy ta’lim tashkilotlarining fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblariga;
* oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan "Yangi Oʻzbekiston – Olimpiya choʻqqilari" sport musobaqalari gʻoliblariga.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sport vazirligi har yili 15 aprelga qadar fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblarining belgilangan manzillarga borish jadvalini tasdiqlaydi.
Tashkilotchilar tomonidan tasdiqlangan safarlar jadvaliga muvofiq, har yili iyun va iyul oylarida sayohatlar tashkil etiladi. Bunda turoperator va tashkilotchi oʻrtasida turistik tadbirlar va xizmatlarni tashkil etish hamda koʻrsatish toʻgʻrisida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.07.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova

