Ohangaronda Xitoy bilan 30 million dollarlik loyiha muhokama qilindi
Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov Xitoyning "Jiangsu Yiershi Group" kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, tuman hududida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov Xitoyning "Jiangsu Yiershi Group" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tuman hududida 30 million AQSH dollari miqdoridagi yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan ushbu loyiha taqdim etildi. Loyiha doirasida yuqori va past kuchlanishli taqsimlash qurilmalari, transformator podstansiyalari, elektr taqsimlash uskunalari, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun mo‘ljallangan zamonaviy jihozlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda tumanning investitsion imkoniyatlari va qulay biznes muhiti haqida ma’lumot berildi. Investorlarga zarur yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi. Tomonlar loyihani joylashtirish uchun bir nechta yer maydonlarini ko‘rib chiqishga va hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

