«Odisseya» filmi 1,1 mlrd dollar daromad keltirdi — Nolanning yangi rekordi
Nolanning avvalgi rekordchisi — «Qora ritsar: Qayta tug‘ilish afsonasi» filmidan tushgan daromad 1,085 mlrd dollarni

Kristofer Nolanning «Odisseya» filmi jahon miqyosida 1,104 milliard dollar daromad to‘plab, rejissyorning faoliyatidagi eng yuqori kassa yig‘imiga ega filmga aylandi. Bu haqda The Guardian nashri Universal Pictures ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
«Odisseya» Nolanning avvalgi rekordini yangiladi, bu rekord 2012-yilda 1,085 milliard dollar daromad keltirgan «Qora ritsar: Qayta tug‘ilish afsonasi» filmiga tegishli edi. Rejissyorning eng ko‘p daromad keltirgan filmlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni 2008-yilda chiqqan «Qora ritsar» egallab turibdi, uning jahon prokatidagi tushumi 1,005 milliard dollarni tashkil etgan.
«Odisseya» filmining premyerasi 17-iyul kuni bo‘lib o‘tgan. Film Gomerning mashhur dostoniga asoslangan bo‘lib, Troya urushi tugaganidan so‘ng Odisseyning o‘z vatani Itakaga qaytishini hikoya qiladi. Uning uyiga yetib borishi 10 yil davom etadi.
Filmda bosh rolni Mett Deymon ijro etgan. Shuningdek, kartinada Enn Heteuey, Robert Pattinson, Zendeya, Tom Holland, Sharliz Teron va Lupita Niongo kabi aktyorlar suratga tushgan.
«Odisseya» premyeradan so‘ng jahon prokatida birinchi o‘rinni egalladi va ketma-ket ikki hafta oxirida eng ko‘p tomosha qilingan film bo‘lib qoldi. Universal Pictures ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kartina Deymon, Heteuey va Pattinsonning faoliyatidagi eng daromadli filmga ham aylangan.
Nolan filmning rejissyori va ssenaristi bo‘lish bilan birga, Emma Tomas bilan hamkorlikda uning prodyuseri ham bo‘lgan. Filmning ishlab chiqarish budjeti, reklama va targ‘ibot xarajatlarini hisobga olmaganda, taxminan 250 million dollarga baholangan.
«Odisseya» 2026-yilda Universal Pictures kinostudiyasining jahon prokatida 1 milliard dollarlik chegaradan oshgan uchinchi filmi bo‘ldi. Bungacha «Super Mario: Galaktik kino» va «Maykl» biografik filmi ushbu natijani qayd etgan edi.

