Oʻzbekistonlik mutaxassislar Iordaniyada oʻquv mashgʻulotlarini yakunladilar
Joriy yilining 26-iyul–3-avgust kunlari Iordaniya Hoshimiylar Qirolligida Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) tomonidan “Ekotizim xizmatlarini baholash, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va yerlarni qayta tiklash monitoringi” mavzusida mintaqaviy salohiyatni oshirish seminari hamda “Yomg‘irdan qayta tiklash sari” dala akademiyasi bo‘lib o'tdi.

Oʻzbekistonlik mutaxassislar Iordaniyada oʻquv mashgʻulotlarini yakunladilar.
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — 2023-yilning 26-iyulidan 3-avgustiga qadar Iordaniya Hoshimiylar Qirolligida “Ekotizim xizmatlarini baholash, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va yerlarni qayta tiklash monitoringi” mavzusida mintaqaviy salohiyatni oshirish seminari hamda “Yomg‘irdan qayta tiklash sari” dala akademiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) tomonidan tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish va yerlarni tiklash bo‘yicha ta’sir dasturi (FOLUR)” doirasida tashkil etildi.
ICARDA va Iordaniya Milliy qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi (NARC) hamkorligida o‘tkazilgan ushbu malaka oshirish dasturida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Loyiha ofisi, tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari hamda FAO vakillari ishtirok etishdi.
Dastur davomida ishtirokchilar ekotizim xizmatlarini baholash, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va samarali boshqarish, degradatsiyaga uchragan yerlar va yaylovlarni qayta tiklash, tabiiy resurslar monitoringi, tozalangan oqova suvlardan qayta foydalanish, shuningdek, Suv–Energetika–Oziq-ovqat–Ekotizimlar o‘zaro bog‘liqligi (WEFE Nexus) yondashuvlari bo‘yicha ICARDA va Iordaniyaning ilg‘or tajribalari bilan tanishdilar. Nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda dala amaliyotlari va innovatsion texnologiyalar namoyishlari ham tashkil etildi.
Ushbu xalqaro seminar va dala akademiyasi davomida olingan bilim va amaliy tajribalar O‘zbekistonda yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, yer degradatsiyasining oldini olish, yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishiga mos innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.

