Texnologiya

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekiston sunʼiy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha taqdimotda maʼlum qilindi, deya xabar berdi Prezident axborot agentligi axborot xizmati.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston sunʼiy intellektga tayyorlik boʻyicha xalqaro reytingda 25 pogʻona yuqorilab, 62-oʻringa koʻtarilgan. 2030-yilga borib mamlakatni ushbu reytingda dunyoning eng ilgʻor 50 ta davlati qatoriga kiritish, sunʼiy intellektga asoslangan dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda oʻtgan oyda “Raqamli hukumat” data markazida ishga tushirilgan NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter klasterining yuklamasi bir oy ichida 90 foizga yetgani taʼkidlandi. Jahon reytingida quvvati boʻyicha 321-oʻrinni egallagan ushbu va boshqa infratuzilmalar uchun hozirgacha 24 million dollar yoʻnaltirilgan. Klaster quvvatini oshirish maqsadida yana 70 million dollar ajratish taklif etilmoqda.

Sunʼiy intellekt yechimlarining samaradorligi sifatli maʼlumotlar bazasiga bevosita bogʻliqligi qayd etildi. Shu bois vazirlik va idoralardagi mavjud maʼlumotlarni xatlovdan oʻtkazish, ularning toʻliqligi, ishonchliligi va oʻzaro muvofiqligini taʼminlash, sohalar kesimida sifatli maʼlumotlar toʻplamlarini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sunʼiy intellektga asoslangan loyihalar sonini 100 tadan oshirish vazifasi belgilandi. Shu bilan birga, IT-Parkda AI yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga, koʻrsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion soʻmga va eksportni 160 million dollarga yetkazish kutilmoqda.

Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunga qadar 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi sunʼiy intellekt boʻyicha maxsus sertifikat oldi. Shuningdek, 900 nafar rahbar, 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, 1 ming nafar bank xodimi va 200 nafar maslahatchi maxsus kurslarda oʻqitildi.

Kelgusi ikki yilda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasini toʻliq amalga oshirish, oʻquvchilar, talabalar, oʻqituvchilar va keng aholi qatlamlari uchun zamonaviy oʻquv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Shu bilan birga, Nukus, Samarqand, Termiz, Buxoro, Fargʻona, Andijon, Guliston va Jizzax shaharlarida sohaviy xakaton va tanlovlar oʻtkazildi. “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanloviga start berildi. Bunday xakatonlarni barcha hududlarda tashkil etish topshirildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlarining sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchilari faoliyati ham muhokama qilindi. 500 nafar nomzod orasidan 222 nafar maslahatchi saralab olingan. Ushbu lavozimlarga xorijda taʼlim olgan va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yosh mutaxassislarni keng jalb qilish, ularning ishini aniq natija va samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash zarurligi taʼkidlandi.

Maslahatchilar faoliyati, amalga oshirayotgan loyihalari va tashabbuslarini monitoring qilish hamda qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan alohida raqamli platformani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Xalqaro hamkorlik doirasida Oʻzbekiston WAICO – Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik boʻyicha Butunjahon tashkilotiga taʼsischi davlatlardan biri sifatida aʼzo boʻlgani va bu orqali yirik texnologik kompaniyalar bilan qoʻshma loyihalar boshlanishi qayd etildi.

Prezident mutasaddilarga hisoblash quvvatlarini izchil oshirish, sohalarda amaliy loyihalarni koʻpaytirish, sifatli maʼlumotlar bazasini yaratish, iqtidorli yoshlar va startaplarni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.

Avvalroq Oʻzbekistonda sunʼiy intellektga asoslangan “Smart Fermer” raqamli platformasi ishga tushirilishi xabar qilingandi. Mobil ilova orqali chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinar chaqirish, sunʼiy urugʻlantirish xizmatlariga buyurtma berish, subsidiyalarga murojaat qilish hamda sunʼiy intellekt asosida maslahat olish imkoniyati yaratiladi.

educationuzbekistanit developmentartificial intelligencesmart farmersupercomputerinternational cooperationdigital transformation